Tadbirlarni soxta obro‘ uchun o‘tkazmaslik kerak – Turdimov eski noutbuk masalasiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi “Bir million dasturchi” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan Sardor Sattorov va’da qilingan yangi noutbuk o‘rniga eskisi bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bugun, 21 yanvar kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 55-sessiyasida mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Mana shu masalani ko‘tarib chiqqan jurnalist va blogerlarga rahmat. Bundan rahbarlar xulosa qilishi kerak. Tanqid qilgan odamni yomon ko‘rish kerak emas, ko‘tarilgan muammoni hal etish lozim”, deydi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimi tanlovni o‘tkazishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun tuman hokimining yoshlar siyosatiga mas’ul o‘rinbosariga dastlab hayfsan, berilgani, keyin vazifasidan ozod etilganini ham ta’kidladi.

“Bunday tadbirlarni soxta obro‘ orttirish, kimlargadir yaxshi ko‘rinish uchun o‘tkazmaslik kerak”, deydi Erkinjon Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi “Bir million dasturchi” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan Sardor Sattorov va’da qilingan yangi noutbuk o‘rniga eskisi bilan taqdirlangandi. O‘quvchi nohaqlikka uchraganini aytib, videomurojaat yo‘llashi ortidan bu masala ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinroq IT-park tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq muammo bartaraf etilganini, unga yangi noutbuk sovg‘a qilinganini bildirdi.

Ammo o‘quvchiga nisbatan nohaqlik qilinishi ortidan Nurobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish sho‘’basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov ishdan olindi. Nurobod tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga asosan “hayfsan” olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

279

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing