2019 yilda kimlar bizni tark etdi?
Jamiyat
−
31 dekabr 2019
28347Yakuniga yetayotgan 2019 yil ko‘plab yutuqlarga boy bo‘ldi. O‘zgarishlar yangi bosqichga chiqdi. Biroq yil davomida yutuqlar qatorida yo‘qotishlar ham bo‘ldi.
Davlat, jamoat arboblari, ilm-fan, sport, madaniyat, tibbiyot sohasining yirik va o‘zidan o‘chmas iz qoldirgan vakillari yorug‘ olamni tark etdi. Quyida yil davomidagi yo‘qotishlarimizni xotirlaymiz.
Baxtiniso Mahmudova
Og‘ir operatsiyani o‘tkazish uchun Turkiyaning Istanbul shahriga jo‘nab ketgan yosh shoira Baxtiniso Mahmudova joriy yilning 6 yanvar kuni vafot etdi.
O‘tkazilgan operatsiyadan Baxtiniso sog‘-omon chiqqan. Jonlantirish bo‘limida bir vaqt qolganidan keyin, uni palataga olishgan. Bu orada Baxtiniso salomatligi tiklanib, oyoqlarini seza boshlaganini ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar qilgan edi.
6 yanvar kuni soat 00:25 da uning qon bosimi birdan tushib ketadi va jonlantirish bo‘limiga olinadi. Ko‘rilgan choralar natija bermay, Baxtiniso Mahmudova vafot etadi.
Bundan bir necha yil avvad Respublika Nevroxirurgiya markazida Baxtiniso Mahmudovaning orqa miyasida o‘simta borligi aniqlangan.
Anor (Anorqul) Nazarov
O‘zbek musiqa san’ati rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli bastakor Anor (Anorqul) Nazarov bugun, joriy yilning 16 yanvar kuni og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi.
Anorqul Mamadovich Nazarov 1950 yil 5 iyunda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tavallud topgan. 1968 yilda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlab, 1968-1985 yillarda A.Navoiy nomidagi DAKT orkestri solisti, 1985-1987 yillarda Toshkent shahar musiqa ansambllari jamoasining bosh dirijyori, 1986-1996 yillarda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1996-2000 yillarda “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi bosh direktori, 2000-2002 yillarda esa badiiy rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Po‘lat Saidqosimov
O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov joriy yilning, 18 yanvar kuni 87 yoshida vafot etdi.
Po‘lat Saidqosimovning Farg‘ona to‘satdan tobi qochib, shifoxonaga tushgandi. So‘ng aktyor Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib kelingan. Aktyorga Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi xirurglari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, bemorda “O‘tkir ichak tutilishi” tashxisi qo‘yilgan.
O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov, 16 yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xodjiboyev boshchiligidagi shifokorlar tomonidan operatsiya qilingan. Jarrohlik amaliyoti 6 soat davom etgan.
O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov 1931 yilning 8 oktyabrida Toshkentda tavallud topgan. 87 yoshli aktyor ko‘p yillar O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat olib borgan.
Salombek Habibullayev
Andijon viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Salombek Po‘latovich Habibullayev vafot etdi.
Salombek Habibullayev 2018 yilning 26 yanvarida mazkur lavozimga tayinlangan edi.
1971 yilning 26 sentyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan Salombek Habibullayev 1992 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagach, 1992 yildan 2018 yilgacha Toshkent davlat universitetining “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasida assistent, tadqiqotchi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Tashqi iqtisodiy faoliyat tahlil va istiqbollari bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarmaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Bosh axborot-tahlil departamenti boshlig‘i, O‘zbek-yapon markazi direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Rustam Ubaydullayev
O‘zbekiston madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi. Taniqli sozanda, doira san’ati ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Ubaydullayev kecha, 9 yanvar kuni 66 yoshida vafot etdi.
Rustam Ubaydullayev 1952 yilning 2 sentyabr kuni Toshkentda tavallud topgan edi. San’atkor o‘rta maktabni bitirgach, 1967 yildan boshlab O‘zbekiston xalq xofizi Faxriddin Umarovning doirachisi sifatida ish boshlagan. Va 40 yildan ziyod hamnafas ijod qilgan.
Sirojiddin Sayfiyev
Samarqandning “Dinamo” klubi va O‘zbekiston terma jamoasining sobiq o‘yinchisi Sirojiddin Sayfiyev joriy yilning 20 fevral kuni vafot etdi. Sirojiddin Sayfiyev 36 yoshda bo‘lgan.
Sayfiyev uzoq vaqt davomida o‘pka raki bilan og‘rigan va kasallikka qarshi kurashgan.
Futbolchi Samarqandning “Dinamo” klubida 2009 yildan 2015 yilgacha o‘ynagan. “Dinamo” safida 119 o‘yin o‘tkazib, 15 ta gol urgan. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 2008 yilda 1 o‘yinda maydonga tushgan.
Sulton Alimuhamedov
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Qishloq xo‘jalik sohasidagi atoqli olim, sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi Sulton Alimuhamedov joriy yilning 11 fevralda 90 yoshida vafot etdi.
Sulton Alimuhamedov 1929 yil 1 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1950 yili Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1991 yilda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Uzoq yillar davomida ko‘plab yoshlarga saboq bergan Sulton Alimuhamedovning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Jonkuyar olimning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlanib, u “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Marat Zohidov
Joriy yilning 24 fevral kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Isroil davlatiga borgan 1940 yil tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Marat Zohidov vafot etdi.
Matematik professor Marat Zohidov huquq himoyachisi sifatida 30 yil faoliyat yuritdi. Marat Zohidov 1952-1956 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining prezidenti bo‘lgan olim Tesha Zohidov oilasida tug‘ilgan. Moskva Davlat universitetini bitirib, Toshkent Davlat universitetita o‘qituvchilik qilgan.
U O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti bosh kotibi, O‘zbekiston shaxs huquqini himoya qilish qo‘mitasi asoschisi edi.
Jamila Niyozova
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi a’zosi Jamila Niyozova joriy yilning 26 fevral kuni 60 yoshida vafot etdi.
Qoraqalpoq millatiga mansub ko‘zga ko‘ringan deputatlardan biri Jamila Niyozova 1958 yilning 14 aprel kuni Nukus shahrida tavallud topgan edi.
O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi a’zosi bo‘lgan Jamila Niyozova 2005-2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. U 2010 yilda ham O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputatligiga qayta saylangan.
Omonulla Madayev
Joriy yilning, 2 mart kuni taniqli folklorshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madayev 76 yoshida vafot etdi.
Omonulla Madayev 1942 yilning 20 mayida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yil hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Filologiya fakultetini tamomlagan.
U faoliyatini 1958 yil Toshkent shahar 1-sonli maktab-internat o‘qituvchisi lavozimida boshlagan. 1964 yil Toshkent shahar 82-sonli o‘rta maktab o‘qituvchisi sifatida ishlagan. 1966 yil O‘zMU O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida ishlagan, 1982 yildan Toshkent davlat universitetining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib borgan.
Omonulla Madayev O‘zbekistondagi abituriyentlarni tayyorlovchi ilk darslarni tashkil etgan pedagog bo‘lib, ma’lum vaqt O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti dekani sifatida ham faoliyat yuritgan.
Mirabror Usmonov
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi 71 yoshli Mirabror Usmonov joriy yilning, 15 mart kuni olamdan ko‘z yumdi.
Mirabror Usmonov astma kasaliga chalinib, klinikaga yotqizilganidan so‘ng, vafot etdi.
Dilbar Abdulazizova
Yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Abdulazizova joriy yilning 15 mart kuni 68 yoshida vafot etdi.
Dilbar Abdulazizova 1951 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan.
1973 yildan buyon to umrining so‘nggi kunlarigacha Yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat yuritdi. “Qizil qalpoqcha”, “Sehrli soatcha”, “Ming bir kecha”, “Meshpolvon”, “Qor malikasi” singari yuzdan ziyod sahna asarlarida turli xarakterdagi qahramonlarni ijro etgan.
Rixsivoy Muhammadjonov
O‘zbekiston Davlat san’at arbobi, kinossenarist Rixsivoy Muhammadjonov joriy yilning 22 mart kuni vafot etdi.
Rixsivoy Muhammadjonov 1940 yil 30 noyabr kuni tug‘ilgan. 1962 yilda Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutini, 1972 yilda Ssenariychilar va rejissyorlar oliy kursini tamomlagan.
Rixsivoy Muhammadjonov “Abdullajon”, “Suyunchi”, “Tangalik bolalar”, “Chinor ostidagi duel”, “Kambag‘al odamlar”, “Osmondagi bolalar 1, 2”, “Marjona”, “Sotqin” kabi mashhur filmlarda ssenariy muallifi bo‘lgan. “Kambag‘al odamlar”, “Oltin devor”, “Baribir hayot go‘zal”, “Osmon yaqin” kabi filmlar ssenariysining hammuallifi hisoblanadi.
Rixsivoy Muhammadjonov “Oltin Devor”, “Chol va nabira”, “Qaydasan muhabbat?” filmlarining rejissyori hisoblanadi.
Lina Cheryazova
Joriy yilning 23 mart kuni fristayl bo‘yicha Olimpiada chempioni Lina Cheryazova 51 yoshida olamdan ko‘z yumdi.
Lina Cheryazova 1968 yil 1 noyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. U 1989 yilda SSSR termasi tarkibida fristayl bo‘yicha jahon kubogida debyut qilgan.
1994 yilda Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada O‘zbekiston nomidan qatnashib g‘olib bo‘lgan. Uning oltin medali mamlakat tarixida haligacha yagona bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, u akrobatikada fristayl bo‘yicha birinchi olimpiya chempionidir. Sportchi 1992—1994 yillarda jahon kubogining 13 va 18-bosqichlarida g‘olib bo‘lgan.
Damir Salimov
O‘zbek milliy kinosining darg‘alaridan biri, mashhur rejissor O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Damir Salimov joriy yilning 29 mart kuni 82 yoshida vafot etdi.
Bir qator mashhur kino asarlar va multfilmlar ijodkori, iste’dodli kinorejissyor va kinooperator Damir Salimov “Shum bola”, “Leningradliklar-jigarbandlarim mening”, “Tog‘lar chorlaydi” kabi filmlari bilan o‘zbek kino ixlosmandlariga mashhur edi.
U 1937 yilda Samarqandda tavallud topgan. U Umumittifoq Kinomatografiya institutining rejissorlik fakultetini tugatib, 1959 yildan boshlab “O‘zbekfilm” kinostudiyasida o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Yayra Abdullayeva
Joriy yilning 14 may kuni taniqli aktrisa Yayra Abdullayeva 88 yoshida olamdan o‘tdi.
Taniqli o‘zbek aktrisasi Yayra Abdullayeva 1930 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Ijodiy faoliyatini 1944-1945 yillarda Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansamblida boshlab, 1950 yilda A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan.
1950 yildan Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida ishlab, Gulnor (“Qutlug‘ qon”), Gulbahor (“Boy ila xizmatchi”), Qorasoch (“Yulduzlar jamoli”), Eleyn (“Qonli sarob”), Katerina (“Momaqaldiroq”), Milfordxonim (“Makr va muhabbat”), Xemnolini, Kamola, Xemenkori (“Gang daryosining qizi”), Maryam (“Jazoir – mening Vatanim”) kabi o‘nlab rangbarang obrazlarni yaratdi.
Yayra Abdullayeva 1998 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2011 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Komiljon Rahimov
Joriy yilning 16 may kuni aloqa sohasida ko‘p yillar samarali xizmat qilgan mehnat faxriysi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqachi Komiljon Rahimov vafot etdi.
Komiljon Rahimov 1985-1995 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vaziri lavozimida, 1995-1998 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida mehnat qilgan. Komiljon Rahimovning xizmatlari alohida e’tirof etilib, O‘zbekistonning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.
Ortiq Otajonov
O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov joriy yilning 17 may kuni 72 yoshida olamdan o‘tdi.
O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov 1947 yil 30 yanvarda Xorazm viloyati Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘ida tug‘ilgan.
Ortiq Otajonov 1962 yil Xorazmdagi musiqa bilim yurtiga o‘qishga kiradi. U yerda taniqli sozanda Ozod Ibrohimovdan rubob chalish bo‘yicha saboq oladi.
Uning san’atkor bo‘lib yetishishida buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning o‘rni beqiyos bo‘lgan.
Tohir Malik
Joriy yilning 16 may kuni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 72 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Yozuvchi biroz avval og‘ir operatsiyani boshdan kechirgan. Biroq, u operatsiyadan so‘ng o‘ziga kelmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Tohir Malik 1946 yil 27 dekabr kuni Toshkentda tavallud topgan. Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning Jurnalistika fakulteti kechki bo‘limida o‘qib, kunduzi qurilish ishlarida qatnashgan. 1966 yildan beri O‘zbekiston radiosida, gazeta va jurnallar tahririyatida, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida, nashriyotlarda faoliyat yuritgan. 2006 yildan buyon "Bekajon" gazetasi Bosh muharriri bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
Tohir Malik davlat tomonidan “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” yuksak unvoni va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Qunduz Mirkarimova
O‘zbek raqs san’ati afsonasi, O‘zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova joriy yilning 11 iyun kuni 94 yoshida olamdan ko‘z yumdi.
Qunduz Mirkarimova 1925 yil Toshkentda tug‘ilgan. Raqqosa, baletmeyster va pedagog. Tamaraxonim nomidagi balet maktabida ta’lim olgan (1937-1941), Katta teatr (Moskva) qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan (1951).
Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrida (1943-1946), Muqimiy teatrida (1946-1949), Navoiy teatrida (1951-1953), O‘zbekiston davlat filarmoniyasida (1953-1956) yakkaxon raqqosa, “Bahor” ansamblida yakkaxon raqqosa va pedagog-repetitor (1957-1967), badiiy rahbar (1979-1988), Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida pedagog (1964-1979 va 1988 yildan; 1996 yildan professor) sifatida faoliyat yuritdi.
Qunduz Mirkarimova O‘zbekiston xalq artisti, Sobiq ittifoq xalq artisti, Mukarram Turg‘unbova nomidagi mukofotlar sovrindori sanaladi. 1997 yilda esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Gulbahor Yo‘ldosheva
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, betakror iste’dod sohibasi Gulbahor Yo‘ldosheva joriy yilning 12 iyun kuni og‘ir xastalikdan so‘ng olamdan o‘tdi.
Aktrisa bir qator cyeriallar orqali o‘zbek kinoixlosmandlari ko‘nglidan chuqur joy olgandi.
Ravilya Prokopenko (Salimova)
Joriy yilnin 3 iyul kuni o‘zbekistonlik basketbolchi, SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Ravilya Prokopenko (Salimova) 77 yoshida vafot etdi.
Ravilya Nadjipovna Prokopenko (Salimova) 1941 yil 8 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Ravilya Salimova 2 marta jahon va 4 marta Yevropa chempioni bo‘lgan. “Mehnat Qizil Bayroq” ordeni bilan taqdirlangan.
Klublar darajasida faqatgina Toshkent jamoalarida o‘ynagan. Sportdagi faoliyatini yakunlagach, O‘zbekiston SSR Sport qo‘mitasida instrkutor bo‘lib ishlagan.
Ravilya Salimova 1965, 1970 yillarda Universiada g‘olibi, 1961 yilda Universiada kumush medali sohibi bo‘lgan. U tarixdagi eng mashhur o‘zbek basketbolchisi hisoblanadi.
Toreniyaz Qalimbetov
“Tanka” badiiy filmining rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Toreniyaz Qalimbetov joriy yilning 29 iyul kuni vafot etdi.
Toreniyaz Jumaboyevich Qalimbetov 1954 yil 19 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida, ishchi oilasida tug‘ilgan. 1976 yili Toshkent madaniyat institutini rejisser yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Toreniyaz Qalimbetov “Qozoqfilm”da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasida, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida va “Qoraqalpoqkino” agentligida rejissyorlik va turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Toreniyaz Qalimbetov rejissyor sifatida 30 ga yaqin badiiy va hujjatli filmlar yaratgan va turli kinofestivallarda munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Rejissyorning eng mashhur filmlari qatorida 2002 yilda suratga olgan, yoshu qari sevib tomosha qiladigan “Tanka” badiiy filmini keltirish mumkin.
Abdulhafiz Jalolov
Joriy yilning 31 iyul kuni 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod bo‘lgan siyosatchi Abdulhafiz Jalolov 72 yoshida vafot etdi.
Abdulhafiz Jalolov 1947 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida, Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgandi. 1969 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1976 yilda falsafa fani bo‘yicha nomzodlik, 1992 yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.
2000 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga yagona muqobil raqib bo‘lgandi. Jalolov mazkur saylov payti amaldagi davlat rahbari uchun ovoz berganini bildirgan.
2001 yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003 yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etiladi. Shundan so‘ng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishlagan.
Rashid Isyanov
Joriy yilning 11 sentyabr kuni gimnastika bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi trampolin bo‘yicha murabbiyi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Rashid Isyanov 79 yoshida vafot etdi.
Isyanov Rashid Zinnurovich 1940 yil Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan. 1963 yil O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan va umrining qolgan qismini mamlakatimizda gimnastika, jumladan trampolin sportining rivojlanishiga, uning taraqqiyotiga bag‘ishlagan. Murabbiylik faoliyati davomida ko‘plab iste’dodli sportchilarni tarbiyalagan.
Bekzod Nurmatov
Qo‘l jangi va jangovor sambo sport turlari ustasi, so‘nggi paytlarda o‘zini MMA`da sinab ko‘rayotgan o‘zbekistonlik sportchi 28 yoshli Bekzod Nurmatov joriy yilning 8 oktyabr kuni hayotdan ko‘z yumdi.
Sportchi 4 oktyabrda Chechenistonning Grozniy shahrida Rossiyaning Absolute Championship Akhmat MMA-promousheni tomonidan tashkil etilgan ASA 100 yubiley turnirida ishtirok etgan. Bekzod Nurmatov hakamlar qaroriga ko‘ra mezbon sportchi Beslan Isayevga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Hakamlardan ikki nafari Isayev, yana biri Nurmatovning g‘alabasini yoqlagandi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Bekzod Nurmatov o‘limiga insult, ya’ni miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgan.
Husniddin Hamidov
Qoraqalpoq tilshunosligining yirik namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov joriy yilning 5 noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.
Husniddin Hamidov 1935 yil 5 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ildi. 1955 yili ikki yillik o‘qituvchilar institutini tugatib, o‘z faoliyatini o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967 yilda nomzodlik, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi, 2000 yilda haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Husniddin Hamidov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, 1995-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan.
Davlatnazar Ro‘zmetov
Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov joriy yilning 6 noyabr kuni yo‘l-transport hodisasi natijasida vafot etdi.
Davlatnazar Ro‘zmetov 1971 yil 24 aprel kuni tug‘ilgan, so‘nggi paytlarda “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasida muxbir bo‘lib ishlayotgan edi.
2018 yil 29 oktyabr kuni “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan paytida hibsga olinib, Qo‘shko‘pir tumani ma’muriy sudi tomonidan 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi.
Gavhar Sharipova
“Opa-singillar” seriali bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Gavhar Sharipova joriy yilning 18 noyabr kuni vafot etdi.
Aktrisa Qashqadaryo viloyatida yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgan. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Navoiy viloyatida dafn etildi.
Oilada olti qizning biri bo‘lgan Gavhar Toshkent Davlat san’at institutining drama-teatr va kino aktyorligi yo‘nalishida tahsil olgan. U nafaqat aktrisa, balki shoira ham bo‘lib, she’rlar yozib turadi. Uning she’rlari bir necha xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan.
Mahmud Sa’diy
Joriy yilning, 23 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, o‘zbek jurnalistikasining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Mahmud Sa’diy 80 yoshida vafot etdi.
Mahmud Sa’diy 1939 yil Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlaganidan keyin hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil oldi.
“Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Guliston” jurnalida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, “Ma’rifat” gazetasida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi. So‘nggi vaqtlarda “Ma’rifat” gazetasida ishlash bilan birga Jahon tillari universitetida yoshlarga dars berardi.
Rustam Kariyev
O‘zbekiston amputantlar terma jamoasining 4 karra jahon chempioni unvoni sazovor bo‘lishiga hissa qo‘shgan bosh murabbiy Rustam Kariyev joriy yilning 2 dekabr kuni 68 yoshida vafot etdi.
Rustam Kariyev 1951 yil 15 yanvarda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, harbiy sifatida faoliyat olib borgan va kapitan darajasigacha ko‘tarilgan.
1988 yilda esa Afg‘onistondagi janglarda jarohatlanib, nogiron bo‘lib qaytgan sobiq harbiylardan iborat “Matonat” nogiron-amputantlar jamoasini tuzadi. 1998 yilda jamoaning nomi “Baynalminal”ga o‘zgartirildi.
Rustam Kariyevning mamlakatda nogiron-amputantlar sportini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari mamlakat tomonidan munosib rag‘batlantirilgan holda “Do‘stlik” ordeni va qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Tohir Miraliyev
Ko‘pgina rollari bilan o‘zbek xalqi qalbidan joy olgan O‘zbekiston xalq artisti Tohir Miraliyev joriy yilning 2 dekabr kuni olamdan o‘tdi.
Tohir Miraliyev “Tilla buva” (2011), “Uchar otlar” (2011), “Qovun” (2012), “Jasur” (2011), “Arosat” (2009), “Chavandoz” (2007), “Armon” (1987) kabi ko‘plab filmlarda rol ijro etgan.
Mirhakim Azizov
Joriy yilning 5 dekabr kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasi og‘ir judolikka uchradi. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirhakim Azizov vafot etdi.
Mirhakim Azizov 1974 yilda Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagan. 1982-1984 yillarda Moskvada Markaziy travmatologiya va ordinariya institutida tahsil olgan. 1987 yilda kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1995 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Mirhakim Azizov joriy yilda Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangandi.
Abduvali Qutbiddinov
Joriy yilning, 8 dekabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir, “Xalq so‘zi” gazetasi mas’ul xodimi Abduvali Qutbiddinov olamdan o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abduvali Qutbiddin betobligi sabab, ikki haftadan ortiq vaqt davomida shifoxonada yotgan.
Abduvali Qutbiddin “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Yahyo Fayzullayev
Ko‘plab rollari bilan O‘zbekiston xalqi qalbidan joy olgan aktyor Yahyo Fayzullayev joriy yilning 23 dekabr kuni olamdan o‘tdi.
Fayzullayev Yahyo Abdullayevich "Gumrohlar" (2014), "Afsonaviy qiz" (1980), “Shaytanat” ( 1988), XX asr qaroqchilari “ (1979), “Ali bobo va qirq qaroqchi” (1979), “Xorazm afsonasi” (1978), “Shum bola” ( 1977) kabi ko‘plab filmlarda rol ijro etgan.
LiveBarchasi