Karimovning maxfiy topshirig‘i, YTHlar, “Yangicha tonirovka” va kunning boshqa xabarlari

Jamiyat

Yakuniga yetayotgan 18 iyul kuni turli voqealarga boy bo‘ldi. Quyida eng muhimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Jamiyat

Davlat organlari xodimlarining formali kiyim-bosh kiyib yurishi tartibi o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat organlari xodimlarining formali kiyim-bosh kiyib yurishi tartibini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Rasul Kusherboyev “ochko” olish uchun PR qilyapti, deguvchilarga javob qaytardi

Ko‘pchilikka ma’lum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev odamlar orasida va ijtimoiy tarmoqlarda anchayin faol. Kusherboyev jamoatchilikni qiynayotgan va muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalarga tezda munosabat bildiradi.

YPX avtomobili YTHga sabab bo‘ldi

“Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Nexia-3 avtomashinasi “Yuqori nuqta” postidan o‘tgandan so‘ng, Bulung‘ur tumani hududida yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Voqea guvohlarining aytishicha, mazkur holatga 85 217 VSF raqamli (YPX) xizmat avtomashinasi sabab bo‘lgan.

Deputat Prezidentdan uyg‘urlarni himoya qilishni so‘rab, murojaat yo‘lladi

Xalq deputatlari Bo‘stonliq tuman Kengashi deputati Qobul Do‘sov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Xitoyda zulm va azob chekayotgan uyg‘urlarni himoya qilishni so‘rab murojaat yo‘lladi.

Milliy gvardiya xodimlari imtiyozli kredit asosida avtomobil olishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 17 iyulida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi.

Fohishaxonada “tungi kapalaklar” chet ellikni tunadi

Joriy yilning 15 iyul kuni soat 23:00 larda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri Majnuntol mahallasida yashovchi 52 yoshli N.Q. o‘z yashash uyida qo‘shni davlat fuqarosi, vaqtincha Termiz shahrida joylashgan mehmonxonada yashovchi 35 yoshli S.O., Sherobod tumanida yashovchi 26 yoshli Sh.S. va Termiz shahar Jo‘yjangal mahallasida yashovchi 25 yoshli J.M. ismli ayollarning jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib bergan.

Farg‘onada dahshatli YTH: Haydovchi vafot etdi

Farg‘onada mudhish YTH sodir bo‘ldi. Yo‘l-transport hodisasi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlar orqali QALAMPIR.UZ tahririyatiga yo‘llandi. 

Unda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi DAMAS rusumidagi avtomobillarni ko‘rish mumkin. Avtomobillar bir-biri bilan to‘qnashishi oqibatida ikkisi ham og‘ir darajada shikastlangan. 

O‘zbekistonda ikkinchi rasmiy Xitoy mollariga “boykot” bilan chiqdi

“O‘zbekiston shaharlari tashqi bezagida Xitoydan keltirilayotgan mollarni ishlatish – bu madaniy saviya yetarli emasligidan dalolat beradi”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari, san’atshunos Kamola Oqilova.

Kamola Oqilova O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida va umuman respublikada Xitoydan keltirilgan suvenirlar shaharlarni bezatishda ishlatilayotganiga doir fikr bildirdi.

Prezident kutilmaganda Xovosga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 iyul kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurdi.

Bu davlat rahbarining joriy yilda tumanga ikkinchi bor kelishi. 19 fevral kungi tashrifi chog‘ida Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Shunga muvofiq, bu yerda 30 ta besh qavatli uy qurilmoqda. Ularda ikki va uch xonali 760 ta kvartira bo‘lib, shundan 600 tasi arzon uylardir. 

Rasman: “Yangicha tonirovka”ga ruxsat berilishi kutilmoqda

O‘zbekiston avtomobillarni quyoshdan saqlash uchun talab etilganidek “tonirovka”ga ruxsat berilmasada, termal plyonkaga ruxsat etilishi mumkin. Ushbu plyonka bir muncha shaffof bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytiradi.

Bo‘ritosh Shodiyeva Karimovning maxfiy topshirig‘ini nihoyat ochiq aytdi

O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Uzun va Saraosiyo tumanlari Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani uchun ham o‘z vaqtida xavfli hududlardan biri sanalgan. 2000-yillarda bu yerlarda sodir bo‘lgan voqealar unutilganicha yo‘q. Boshboshdoqlik shu darajaga yetib borganki, mamlakatga bu hududlar orqali giyohvand moddalar kirib kelgan, qurollangan kimsalar O‘zbekistonda terroristik harakatlarni amalga oshirish uchun aynan Saraosiyo va Uzundagi qishloqlarga joylashishgan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti o‘sha vaqtdagi mavjud tahlikali vaziyatni o‘rganish va uni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rgani ma’lum. U bu ishni amalga oshirishda, oddiy va xalqchil yo‘llardan foydalan. Terrorchilar joylashib olgan hududlarga Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bo‘ritosh Shodiyevani shifokor libosida yuborishi va unga alohida topshiriq berishi ham buning yaqqol isboti. Bo‘ritosh Shodiyeva o‘sha vaqtda o‘ziga topshirilgan maxfiy topshiriq haqida gapirib berdi. 

Prezident avtomobilsozlik sohasiga oid muhim qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi avtomobilsozlik sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Jahon banki xodimini “sotib olmoqchi” bo‘lgan o‘zbek kompaniyasiga sanksiya qo‘yildi

Jahon bankining Ishini to‘xtatish va chetlatish bo‘yicha bosh mutaxassisi (Chief Suspension and Debarment Officer – SDO) Fides Solutions MCHJ va Ravshan Rizamatovga uch yillik sanksiya qo‘ydi. Mazkur ish bo‘yicha Integrity vitse-prezidenti tomonidan ilgari surilgan ayblovda Fides Solutions va Ravshan Rizamatov O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha doirasida imzolanadigan shartnomaga ta’sir o‘tkazish uchun JB xodimiga qimmatli qog‘ozlar taklif qilgani aytilgan.

Olam

Turkiya va Portugaliyada o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasining Madrid shahridagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil 15 iyul kuni Faro provinsiyasida (Portugaliya) yurak xuruji natijasida O‘zbekiston fuqarosi S.A. vafot etdi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, “Göztepe Eğitim ve Araştırma” shifoxonasiga davolanishga yotgan O‘zbekiston fuqarosi G.N. 13 iyul kuni vafot etgan.

Rossiyadagi AESda favqulodda vaziyat yuz berdi

Rossiyaning Tver viloyatidagi Kalinin atom elektr stansiyasida favqulodda vaziyat yuz berdi. Stansiyaning uchta energiya bloki o‘chirildi. FV natijasida umumiy quvvati 3,2 ming MVt bo‘lgan birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi bloklar o‘chib qolgan. Shu bilan birga uchinchi blokning quvvati 1061 MVt.dan 476 MVt.ga tushib qolgan.

Yaponiyada vahshiyona ommaviy qotillik sodir etildi

Yaponiyaning Kioto shahrida vahshiy jinoyat sodir etildi. Erkak anime studiyasiga bostirib kirib, yonuvchan suyuqlik sepib, yoqib yubordi. Yong‘in natijasida 28 kishi halok bo‘ldi va 30 nafardan ortig‘i jarohatlandi.

Sport

“Barselona” zahira futbolchisi uchun 50 mln yevro so‘ramoqda

Londonning “Arsenal” klubi “Barselona” vingeri Malkomni o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy bel bog‘lagan. Ammo kataloniyaliklar futbolchining transferidan kamida 50 mln yevro ishlab olishni xohlamoqda.

“Yuventus”dan katta qadam: de Ligt Turinda

Italiyaning “Yuventus” klubi Amesterdamning “Ayaks” klubi himoyachisi Matteys de Ligtni o‘z safiga qo‘shib olganini rasman e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, turinliklar 19 yoshli futbolchini 75 mln yevroga sotib olgan. De Ligt “Yuventus” safida 12 mln yevro maosh oladi. Uning shartnomasi 2024 yilning yoziga qadar amalda bo‘ladi.

“Arsenal” Braziliya terma jamoasi hujumchisi bilan kelishib oldi

Braziliya terma jamoasi va “Gremio” klubi hujumchisi Everton Londonning “Arsenal” klubiga o‘tishga yaqin turibdi. Tomonlar 23 yoshli forvardning transferi borasida kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra “konanirlar” futbolchi uchun Braziliya klubiga 40 mln yevro o‘tkazib beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing