70 minglik somsa, Prezidentga yanada yaqinlashgan Umurzoqov, “qora shahzoda” oyog‘iga borgan Bayden

Tahlil

Nizomiddinov lavozimini egallagan Umrzoqov, xo‘rlanayotgan ayollar, 70 ming so‘mlik somsa tortilgan fantastik hashamatli dasturxon, omadi chopgan xonandalar, Serdar Berdimuhamedovninng O‘zbekistonga tashrifi, kasalliklar haqidagi shum xabarlar… Haftaning eng muhim va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.

70 000 ga somsa, 200 000 ga qulupnay. Toshkent investitsiya forumida fantastik hashamatli dasturxon yozilgan

Joriy yilning 24−26 mart kunlari o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumini tashkil etish uchun taxminan 15 mlrd so‘m (taxminan 1,37 mln dollar) mablag‘ sarflangan.

Joriy yilning mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan Investitsiya forumi xarajatlari odamlar tiliga tushdi. Narxlarni ko‘rgan ko‘pchilik yurak xovuchlab, yotib qoldi. Tadbirni o‘tkazish uchun davlat byudjetidan bor-yo‘g‘i 1,5 mln dollarga yaqin pul sarflangan. Birgina "Sky Events" MCHJga forumni tashkillashtirish xarajatlari uchun 7 mlrd 264 mln so‘m o‘tkazib berilgan. Taomlar uchun 2 mlrd 585 mln so‘m Akfa Dream World’ga, zal ijarasi va taomlar uchun xuddi shu kompaniyaga yana 253 mln so‘m o‘tkazilgan. 

O‘shanda Toshkent investitsiya forumiga bosh-qosh bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosari – Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov hafta oxirida Prezident Administratsiya rahbari lavozimini egalladi. Bungacha ushbu lavozimda 2018 yildan buyon Zaynilobiddin Nizomiddinov ishlagan. 

Xonandalarning kuni tug‘di

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari soni amaldagi 6 tadan 3 taga qisqartirildi. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab litsenziya uchun davlat boji stavkalari pasaytirildi.

Allaqachon pensiyaga chiqqan onaxon xonandalar, nogironligi bo‘lgan san’atkorlar, talaba-ijrochilar davlat bojini to‘lashdan ozod etildi. Yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan esa davlat boji yagona litsenziya bo‘yicha undiriladigan bo‘ldi. 

Shuningdek, endi konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdorda to‘lash huquqi beriladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab xonandalardan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad solig‘i faqat deklaratsiya asosida undiriladi. Qiziq, xonandalarning deklaratsiyasi qanday yuritiladi? 

Aytaylik, bugun Yulduz Usmonova Toshkentdagi bitta to‘yga 2000 dollarga, Munisa Rizayeva 800, Ziyoda 500, Shohruhxon 600 dollarga boradi. Davlat ularning cho‘ntagidagi pulni qanday sanaydi?  

Prezident imzolagan hujjat bilan anchadan beri beli bukilib, cho‘kkalab qolgan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bag‘riga ham shamol tegdi. Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga o‘tkaziladi.  

Tushunmayotganimiz shu. Nimaga shuncha sohalar qolib, yana bunday imtiyozlar xonandalarga berilishi kerak? Yo to‘yda qo‘shiq aytish kundan kunga og‘irlashib ketyaptimi? Qiziq, buyog‘iga ularning ham to‘yga borish narxi tusharmikin? Yo ham lagandan, ham qozondan oshalashda davom etishadimi? 

Plastik kartadagi pulni naqdlashtirish uchun badal 3 foizga yetdi

Odamlar turmushidagi iqtisodiy tanglik, ro‘zg‘orning kami, bozorlarda narxlarning oshib borayotgani yetmagandek, tugayotgan haftada ayrim tijorat banklarida plastik kartadagi pulni naqdlashtirish komissiyasi 1 foizdan 3 foizga yetkazilgan. 

Markaziy bank bunga izoh berdi. Qayd etilishicha, mamlakatdagi 33 ta bankdan 8 tasi davlat banklari, qolganlari esa xususiy banklar. Ular xizmat ko‘rsatish reglamentini mustaqil belgilaydi. Qaysidir bankda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish komissiyasi 3 foizga oshirilishi bu sinov tariqasida ishga tushirilgan va o‘zini oqlamaydi. 

Pul jigardan bo‘lgan, pul haqidagi xabarlarni davom ettiramiz. 15 iyul kuni O‘zbekistonda yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilari muomalaga chiqarildi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati 1000 so‘mlik tangalarni ham tasdiqladi. Biroq, Markaziy bank ming so‘mlik tanga dizaynini taqdim etganicha yo‘q.

Qoraqalpog‘iston voqealari imi-jimida yopildimi?

Yo‘q, hozircha bu taxminlar o‘zini oqlamayapti. Hafta oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining qo‘shma majlisi o‘tkazildi va unda 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzildi.

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakillari va xalq deputatlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari kiritilgan. Komissiyaga rahbarlik qilish Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova zimmasiga yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Hukumatning fundamental huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya va hurmat qilishga, Qoraqalpog‘iston voqealarini mustaqil va shaffof tergov qilishga chaqirgan edi. 

“Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha rasmiylarni xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida to‘liq, ishonchli va shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz”, deyilgandi AQSH davlat departamenti bayonotida.

Qoraqalpog‘iston voqealariga sabab bo‘lgan Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarmaydigan bo‘lgandi. Ammo, ko‘pchilik va Parlament quyi palatasi raisi Alisher Qodirovning fikricha, ushbu moddalar o‘zgarishi kerak. 

Konstitutsiyaning 3-moddasida “O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir”, deb qayd etilgan. Biroq, 70-moddada “Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi”, deb yozilgan. Qanday qilib bitta suveren mamlakat ichida ikkinchi suveren respublika bo‘lishi mumkin? Axir O‘zbekiston federatsiya emas-ku. 

Qodirov ham bu haqida yozarkan, shunday deydi: 

“Ko‘p vatandoshlar savol berayapti: Konstitutsiyaning 3-moddasida O‘zbekiston hududi bo‘linmasdir, deb yozilgan, unda nega Konstitutsiyaning boshqa moddasi O‘zbekiston hududini bo‘lishga huquq beradi? Yoki, suveren davlatning ichida yana suveren davlat bo‘lishi mumkinmi? Ko‘pchilik bu huquqiy qarama-qarshilikni tuzatishni talab qilmoqda”.

Qodirovning aytganlaridan tushunilsa, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgartirilmasligi haqidagi fikrlar hali tugal to‘xtam emas. 

Darvoqea, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasi muddati 15 iyuldan 1 avgustga qadar uzaytirildi. Demak, hali taklif bildirishga, muhokama qilishga vaqtingiz ham, haqqingiz ham bor. 

Prezident Bayden birinchi marta Yaqin Sharqqa safar qildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden 13-15 iyul kunlari Isroil, Iordan daryosining G‘arbiy sohili va Saudiya Arabistoniga birinchi tarixiy tashrifni amalga oshirdi. 

U tashrif doirasida dunyo ommasiga va siyosiy elitalarga ko‘plab mesejlar berdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi va Tehronni to‘xtatish uchun kuch ishlatishga tayyor. Faqat bu oxirgi chora sifatida qo‘llaniladi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Eron hukumatiga Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi doirasida nimalarga rozi bo‘lishga tayyorligini tushuntirdi, ammo ularning qarorini abadiy kutish niyatida emas.

Shuningdek, Bayden Isroil va Falastin o‘rtasida Yaqin Sharqdagi mojaroni ikki davlat tamoyili asosida hal etish asosida mustahkam tinchlik o‘rnatish yo‘lida harakat qilish tarafdori ekanini aytdi. 

15 iyul kuni AQSH Prezident samolyoti birinchi marta Isroildan Jidda (Saudiya Arabistoni)ga keldi. 

Bayden va qirol Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va “qora shahzoda” valiahd Muhammad bin Salmon bilan uchrashib, muzoralar o‘tkazgan. 

Baydenga ko‘ra, Saudiya Arabistoni jahon iqtisodiyoti rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jahon neft bozorida muvozanatni saqlash majburiyatini olgan. 

Istanbulda dunyoni ochlik va qimmatchilikdan qutqaradigan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Unda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT vakillari ishtirok etdi. Masala esa Ukraina bug‘doyini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqish. Bunda esa Rossiya va Ukrainaning til topishishi qiyin bo‘lyapti. To‘g‘rirog‘i, har ikki davlat ko‘rpani o‘zi tarafga tortyapti.

Turkiya muzokaralarda Qora dengizdagi minalardan tozalash jarayonining kafolati sifatida harakat qilish niyatida, bu muzokaralarning asosiy maqsadi – don eksporti uchun xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish va tegishli muvofiqlashtirish markazini yaratishga erishish. Va muzokaralar yakunida maqsadga erishilgan. Portdan chiqishda va kelish punktlarida qo‘shma nazorat hamda xavfsizligini ta’minlash kabi asosiy texnik masalalar kelishib olingan. 

Yig‘ilish yakunida Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining kelgusi hafta Turkiyada yana uchrashishiga qaror qilindi.

Arqadag‘ning arzandasi Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonga keldi

Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14-15 iyul kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Uni aeroportda Bosh vazir Abdulla Aripov va Toshkentning yakkayu yagona hokimi Ortiqxo‘jayev kutib oldi.

Ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan so‘ng, O‘zbekiston va Turkmanistonning tegishli idoralari o‘rtasida 19 ta hujjat imzolandi. 

15 iyul kuni Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyev hamrohligida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

Sirdaryoda Sibir yarasiga chalinish holati aniqlandi

Qayd etilishicha, xalqaro kasalliklar klassifikatsiyasi bo‘yicha A-22 kasalligi (Sibir yarasi) Sardoba tuman “Zomin” MFY Xovotog‘ aholi yashash punktida yashovchi fuqaro B.A.da  aniqlangan. 

Ushbu kasallik odamdan odamga yuqmasligi bilan ajralib turadi. Kasallik faqat yirik va mayda shoxli qoramollarni so‘yish jarayonida hamda xom go‘sht bilan muloqot jarayonida odamga yuqadi.

Koronavirus va maymun chechagi yetmagandek, Xitoy va Afg‘onistonda vabo aniqlandi 

11 iyul kuni Xitoylik epidemiologlar Uxan universitetida bir odam vabo kasalligiga chalingani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Bemorning asosiy belgilari ich ketishi va isitma. 

Afg‘onistonning ikki viloyatida bir sutkada 40 kishi vabo kasalligidan vafot etdi. 10 iyul kuni 120 dan ortiq odam vabo bilan kasallangan. Qurbonlar orasida 15 nafar bolalar ham bor. 

Darvoqe, koronavirus kasalligi ham birinchi marta Xitoyning Uxan provinsiyasida aniqlangandi. Nima ham derdik, oxiri baxayr bo‘lsin. 

Samarqandda bog‘cha mudirasi metodistning boshini bokal bilan urib, yordi

Qo‘shrabot tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida mudira  hamda shu muassasa metodisti  o‘rtasidagi kelishmovchilik ortidan janjal yuzaga kelgan. Mudira metodistning boshi qismiga bokal bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Zangiotada 38 yoshli erkak 14 yashar qizni 8 oy zo‘rlab kelgani aytildi

Zangiota tumanida 38 yoshli erkak 14 yashar qizni 8 oy davomida zo‘rlab kelgani va agar qiz buni kimgadir aytsa o‘ldirish bilan qo‘rqitib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 8 iyul kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 1998-2004 yillar orasida tug‘ilgan 4 nafar fuqarolar Internet tarmoqlari orqali jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgani aniqlandi

To‘plangan materiallar asosida mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryoda kelinni bog‘lab kaltaklaganlardan biri qamaldi

9  iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani “Yangihayot” MFYda yashovchi Yu.E, Yu.B, Yu.R va Yu.X. kelin Q.M fuqaro Yu.X. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganligidan g‘azablanib, uni oyoq-qo‘lini bog‘lab, sochini kesib tashlab, tanasining duch kelgan sohalariga qo‘l-oyoqlari va qamchi bilan muttasil ravishda urib, qiynab, jismoniy azob berib, tan jarohati yetkazishgan. 

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlar olib borilmoqda. 

Jurnalist Ruxsora Karimova YTHda halok bo‘ldi 

Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi jurnalisti Ruxsora Karimova Yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda uning hamkasblari Facebook sahifasida yozib qoldirgan. 

Ma’lum qilinishicha, 37 yoshli Ruxsora Karimova ish bilan Toshkentga kelayotgan vaqtida YTHga uchragan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

134

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing