Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazuvchi komissiya tuzildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma majlisida qaror qabul qilindi. 

Qo‘shma majlis bugun, 15 iyul kuni Senatda bo‘lib o‘tgan. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva, Parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Qonstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov, komissiya raisi o‘rinbosari Alisher Qodirov, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, senatorlar va deputatlar ishtirok etgan. 

Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasiga doir murojaati ko‘rib chiqilgan.

Majlisda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining joriy yilning iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan Komissiya tarkibi va Komissiya to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlangan. 

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakillari va xalq deputatlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari kiritilgan, biroq ular kimligi ma’lum qilinmagan. 

Komissiyaga rahbarlik qilish Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova zimmasiga yuklatildi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tekshiruv natijalari e’lon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Hukumatni fundamental huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya va hurmat qilishga, Qoraqalpog‘iston voqealarini mustaqil va shaffof tergov qilishga chaqirgan edi. 

“Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha rasmiylarni xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida to‘liq, ishonchli va shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz”, deyilgandi AQSH davlat departamenti bayonotida

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa namoyishchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini zudlik bilan tekshirishga chaqirdi. Tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet 500 dan ortiq kishining hibsga olinishi, shuningdek, mahbuslardan biriga nisbatan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishidan xavotir bildirdi.

Yuqoridagi kabi talablar keltirilgan bayonotlar ortidan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni umuman boshqa mavzuda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi avvalida Qoraqalpog‘istondagi voqealarga to‘xtalib, bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish uchun jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarurligini aytdi. 

Bosh prokurorga har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilishi va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilishi bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, kuch tuzilmalarning harakatlarini ham tahlil qilish kerakligini buyurdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston voqealari

Baholaganlar

102

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing