Nukusda namoyishchilarga nisbatan qurol ishlatilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan norozilik namoyishlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar (HMQO) xodimlarining xizmat vakolatidan chetga chiqib, zaruriyatsiz kuch va vositalarni ishlatgani bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Bosh prokuraturaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya so‘roviga bergan javobida aytiladi. 

Qayd etilishicha, jamoat tartibini saqlashga safarbar qilingan HMQO xodimlari tomonidan ommaviy tartibsizlik ishtirokchilariga nisbatan qurol va maxsus vositalar qo‘llanilganligi holatiga alohida ish yurituviga ajratilgan jinoyat ishi doirasida hukuqiy baho beriladi.

“2 nafar fuqaroni vafoti holati yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan ko‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida prokuratura idoralari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov yakuniga ko‘ra, aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi BPning komissiyaga yo‘llagan maktubida.

Xizmat vakolatidan chetga chiqib, zaruriyatsiz kuch va vositalarni ishlatgan HMQO xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan taqdirda, ularning ishlari ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladimi? Ushbu savolga BP quyidagicha javob bergan. 

“Dastlabki tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, HMQO xodimlari tomonidan xizmat vakolatidan chetga chiqib, zaruriyatsiz kuch va vositalar ishlatilganligi o‘z tasdig‘ini topib, sud muhokamasiga yuborilgan taqdirda, Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 noyabr kuni 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga doir jinoyat ishi yuzasidan Buxoro viloyat sudida sud jarayoni boshlandi. 

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev, D. Jiyemuratov, B. Kadirbergenov, B. Seytniyazov, A. Toqimbetov, Q. Seytimov, A. Nuratdinov, S. Medetov, N. Nayipov, P. Shamshetov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, B. Genjebayev, S. Kalilayev, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va A. Adilbekov Jinoyat kodeksining 28,104, 104, 159, 164, 167, 227, 243, 244, 244-1, 247 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

20 nafar sudlanuvchiga nisbatan "qamoqqa olish", 1 nafariga "uy qamog‘i" va 1 nafariga "jamoa kafilligi" tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston voqealari

Baholaganlar

185

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing