Human Rights Watch Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha sudni “adolatsiz” deb atadi

Jamiyat

image

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti hisoblangan Human Rights Watch Qoraqalpog‘istondagi namoyishchilarning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan sudlarni “adolatli emas” deb baholadi.

“Rasmiylar sud “ochiq” bo‘lgani uchun adolatli bo‘ladi, deb o‘ylayotganga o‘xshaydi. Unday emas”, deyilgan Human Rights Watch’ning maxsus hisobotida.

Aytilishicha, o‘zbek ommaviy axborot vositalari ba’zi ayblanuvchilar, jumladan namoyishlar yetakchisi Dauletmurat Tojimuratov va jurnalist Lolagul Kallixonova o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblarga qisman yoki to‘liq iqror bo‘lganini xabar qilgani, ayblanuvchilarning ismlarini va ularga qo‘yilgan ayblardan mutaxassislarning xabari borligi, lekin ularning da’vo qilingan jinoyatlarni sodir etganligi bo‘yicha dalillar kamligini da’vo qilmoqda.

Shuningdek, tashkilot O‘zbekiston oldiga bir qancha e’tirozli savollarni ko‘ndalang qo‘ygan.

“1. Rasmiylar iyul voqealari bo‘yicha o‘z tergovlarini juda sir tutgan. Sud jarayoni qachon boshlanishi yoki nima uchun uning keng Qoraqalpog‘istonda emas Buxoro shahrida, sudlanuvchilarning qarindoshlaridan va jinoyat sodir etilgan joydan olisda o‘tkazilishi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

2. Iyul oyi boshidan buyon O‘zbekiston Bosh prokuraturasi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga uringanlikda ayblanib, 516 kishi hibsga olingani va 14 nafar shaxs tergov qilinayotganini e’lon qilganidan beri o‘zbek rasmiylari tergov bo‘yicha yangi ma’lumot bermadi.

3. Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq boshqa tergovlar davom etayotgani aniq emas. Rasmiylar boshqalar sudga tortiladimi yoki yo‘qmi, shu jumladan, Human Rights Watch’ning xulosalariga ko‘ra, 1 iyulda namoyishchilarning o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kuchlarining har qanday xodimi haddan tashqari va asossiz kuch qo‘llagani uchun sudlanadimi yoki yo‘qligini aytmadi. Sudga tortilayotgan 22 kishidan faqat bittasi militsiya xodimi – Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i.

4. 15 iyul kuni tuzilgan va inson huquqlari buzilishini tekshirish vazifasi yuklatilgan komissiya o‘z faoliyati haqida ma’lumot bilan bo‘lishdi, ammo xulosa chiqarmadi va buni qachon qilishni rejalashtirayotganini ham ochiqlamadi”, deyilgan hisobotda.


Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, sud zalida o‘tirgan kuzatuvchilar sudning adolatli ekanligini anglatmaydi. Sudga bunday yaxshi baho berish uchun ularga ko‘proq narsa kerak. 

“Hakamning xolisligi haqida ishonchli savollar allaqachon ko‘tarilgan. O‘zbekiston hukumati voqealar bo‘yicha samarali tergov o‘tkazilishini ta’minlashi, barcha dalillarni, jumladan xavfsizlik kuchlarining mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarini o‘rganib chiqishi va uning xulosalarini oshkora e’lon qilishi, aybdorlarni xolis va mustaqil sud oldida adolatli sud jarayonida javobgarlikka tortishni ta’minlashi kerak. Maxfiylikka to‘la tergovdan so‘ng, bu “ochiq” sud baribir adolatli emas”, deya o‘z xulosalarini yakunlagan Human Rights Watch.

Eslatib o‘tamiz, Human Rights Watch 2022 yilning fevral oyida Qozog‘iston rasmiylariga murojaat qilib, tinch namoyishchilar va faollarni ta’qib qilishni zudlik bilan to‘xtatish, hamon hibsda saqlanayotganlarni ozod etish, kaltaklash va shafqatsizlikka chek qo‘yishni so‘ragan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Human Rights Watch Qoraqalpog'iston voqealari Dauletmurat Tojimuratov Lolagul Kallixonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing