HRW O‘zbekistonni nashid eshitgani uchun qamalgan yigit ishi bo‘yicha adolatni ta’minlashga chaqirdi
Olam
−
15 iyun 2023
13416Xalqaro Inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch (HRW) O‘zbekistonni nashid eshitgani uchun qamalgan talaba ishi yuzasidan adolatli apellyatsiya jarayonini ta’minlashga chaqirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasidagi hisobotda ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, tashkilot 20 yoshli talaba Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan nashid eshitgani uchun qo‘llangan 3 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini uning diniy va e’tiqod erkinligining buzilishi deb baholagan. HRW hisobotida O‘zbekistonda “ekstremistik” deb topilgan kontentni tarqatgani uchun sudga tortilayotgan odamlar soni ortib borayotgani alohida urg‘ulangan.
“Ulug‘murodov va boshqalarni “ekstremistik” deb atalgan materiallarni ular tomonidan zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish uchun ishlatilgani yoki ishlatmoqchi bo‘lganliklari haqida hech qanday dalil bo‘lmasdan qamoqqa olish qo‘pol qoidabuzarlikdir. Hokimiyat Ulug‘murodovning so‘z va e’tiqod erkinligini himoya qilishi va bu hukmlarni bekor qilish choralarini ko‘rishi kerak”, deydi HRW'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mihra Rittmann.
Shuningdek, maqolada so‘nggi paytlarda bunday holatlar mamlakat bo‘ylab ko‘p uchragani, jumladan, Toshkent, Namangan va Andijonda sodir bo‘lgan Ulug‘murodov ishiga o‘xshash yana 7 ta holat HRW'ning may oyidagi hisobotida e’lon qilingani yoziladi. Jumladan, joriy yilning 22 may kuni Jizzax shahar sudi 19 yoshli yigitni xuddi shunday ayblov bilan uch yilga ozodlikdan cheklash jazosiga tortgani keltiriladi. Bunda ayblanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jazo qo‘llanishi va ko‘p hollarda diniy kontentning zo‘ravonlik sodir etish yoki bunga undash uchun foydalangani bo‘yicha hech qanday dalillar bo‘lmasligi urg‘ulanadi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, BMTning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi “O‘zbekiston qonunchiligida zo‘ravon va zo‘ravonliksiz ekstremizm o‘rtasida farq yo‘qligi” hamda “ektremizm ayblovlari odamlarga faqat o‘zlarining tinch diniy faoliyati yoki uning ifodasi uchun qo‘llanilishi”dan xavotir bildirgan. BMTning beshta maxsus ma’ruzachisi Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2021 yilning 29 iyulida yuborgan xabarnomasida O‘zbekistonda o‘sha paytda qabul qilingan din to‘g‘risida yangi qonundagi “huquqlarni buzuvchi qoidalar”dan xavotir bildirib, hukumatni “ekstremizm va terrorizmning asosiy huquqiy ma’nolariga mos keladigan ta’rifini saqlab qolish”ga chaqirgan.
“O‘zbekiston hukumati musulmonlarning o‘z diniy qarashlarini tinch yo‘l bilan tutishi va ifoda etishini ta’minlashi kerak, jumladan, diniy materiallarni saqlash va ularni baham ko‘rish orqali, hatto rasmiylar materiallar nomaqbul deb hisoblasa ham. O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi va AQSH O‘zbekiston hukumatini ekstremizmning haddan tashqari keng yoki noaniq ta’riflarini chiqarib tashlashga va Ulug‘murodov kabi musulmonlar zo‘ravonlik harakatlarini qo‘zg‘atish yoki sodir etish uchun bunday materialdan foydalanish yoki foydalanish niyatini nazarda tutmaydigan ekstremistik materiallarni ulashgani yoki saqlagani uchun hukm qilingan ishlarni qayta ko‘rib chiqishga undashi kerak”, deyiladi HRW hisobotida.
Mihra Rittmanning aytishicha, O‘zbekiston hukumati zo‘ravonlik, ekstremizmga qarshi kurashishga to‘liq haqli, ammo buni samarali amalga oshirish uchun hozirda O‘zbekiston qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan ekstremizm bilan bog‘liq qoidalarni qisqartirishi kerak.
“O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari musulmonlar va boshqalar o‘z e’tiqodlarini tinch yo‘l bilan amalga oshirganliklari uchun qamoqqa tashlanmasliklari maqsadida qonunlarni inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun hukumat bilan hamkorlik qilishi kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyun kuni Ulug‘murodovning apellyatsiya sudi 2023 yil 21 iyun kuni soat 15:00 ga qoldirilgandi.
LiveBarchasi