“Siyosiy aralashuv bo‘ldi va shunday qarorga kelindi”. Kamoliddin Rabbimov “Ulug‘murodov ishi” haqida
Jamiyat
−
29 iyul 2023
11800Kecha, 28 iyul kuni nashid tarqatgani uchun qamalgan talaba yigit Jahongir Ulug‘urmurodovga tayinlangan jazo yengillashtirilib, uch yillik ozodlikdan mahrum qilish hukmi ozodlikdan cheklash bilan almashtirilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat jamoatchilik faollarining ham e’tiborini tortdi. Xususan, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Ulug‘murodovga nisbatan hukmning o‘zgartirilishini ko‘pchilik kabi ijobiy holat sifatida baholamadi.
Rabbimov Ulug‘murodov ishi huquqiy doirada emas, siyosiy aralashuv yo‘li bilan hal qilinganini ta’kidladi.
“Jahongir Ulug‘murodovning ishi tizimli va huquqiy doirada emas, mexanik va siyosiy shaklda nisbiy yechim topdi. Huquqiy tizimda o‘zgarish bo‘lmadi. Jamoatchilik bilmagan shu kabi ishlar oldingi shaklda – repressiv qamoq shaklida hal qilinaveradi. Yoshlarning ongi, ularning nashidni tushunish darajasi va bu nashidlarning jamiyat xavfsizligiga real tahdidi inobatga olinmaganidek, hozir ham inobatga olinmay qolaveradi. Huquqiy pretsident bo‘lmadi. Qonunchilik va sud amaliyoti huquqiy shaklda o‘zgarmadi. Faqat masalaga siyosiy aralashuv bo‘ldi va shunday qarorga kelindi. Qolaversa, shu siyosiy aralashuv ham juda kech bo‘ldi. Jamiyatdagi ma’lum zo‘riqish, norozilikdan keyin aralashuv bo‘ldi”, deb yozadi u o‘zining Telegram-kanalida.
Siyosiy tahlilchi bu masalaga qonunchilik tashabbusi va siyosiy mas’uliyatli bo‘lgan institutlar tizimli va huquqiy yechim bergani yaxshiroqligini ta’kidlagan.
“Kelajakda bu kabi holatlar ko‘p bo‘ladi. Vazmin, sovuqqon va huquqiy yechim bo‘lmas ekan, bu vaziyatga o‘ta salbiy ta’sir qilaveradi”, deya qo‘shimcha qiladi Rabbimov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyul kuni Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha kassatsiya sudlov hay’ati Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekani, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e’tiborga oldi va Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
LiveBarchasi