Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

Jamiyat

image

Telegramʼdagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.

Bugun, 17 iyul kuni Toshkent viloyat sudida Jahongir Ulug‘murodovga oid jinoyat ishi uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.

Mazkur jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi S.Ashirmatov raisligida hamda sudyalar – H.Berdiqlichev va X.Usmonovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilgan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 17 iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

“Ushbu ajrim ustidan Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest bildirilishi mumkinligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

nashid Jahongir Ulug'murodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing