Jahongir Ulug‘murodov ishi: sud yana tanaffus e’lon qildi
Jamiyat
−
15 iyul 2023
6365Telegram’dagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodovning ishi bo‘yicha sud tanaffus e’lon qildi. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 14 iyul kuni Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining navbatidagi majlisi bo‘lib o‘tgan.
Ma’lum qilinishicha, sud tergovi tamomlanib taraflarning muzokarasi eshitilgan. Sudlov hay’ati protsessual tartibga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati bergan himoyachilarga birinchi bo‘lib so‘z bergan. Shundan so‘ng, davlat ayblovini quvvatlayotgan prokuror nutq so‘zlagan.
“Albatta, prokuror nutqiga nisbatan e’tiroz bildirish huquqidan foydalanib, ayblov tomon o‘z ayblovini asoslab bera olmaganligini qarshi asoslar keltirib, isbotlab berdik. Himoya tomon buni uddalay oldi, deb o‘ylaymiz. Buni zalda yangragan munosabatdan ham bilsa bo‘ladi”, degan advokat.
Sud Jahongir Ulug‘murodovga muzokara so‘zini berib eshitgan va oxirgi so‘zini eshitishni keyingi sud majlisiga qoldirgan.
Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 17 iyul kuni soat 14:00 ga belgilangan. Shundan keyin sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi