Nashid uchun qamalgan Ulug‘murodov sudi yana qoldirildi
Jamiyat
−
07 iyul 2023
5747Telegram'dagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodovning sudi qoldirildi. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda.
Kecha, 6 iyul kuni Ulug‘murodovga ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud bo‘lishi kerak edi. Ammo sud qoldirilib, navbatdagi sud majlisi joriy yilning 14 iyul kuni soat 15:00 ga belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, himoya tomon kuchli asoslar bilan oqlov pozitsiyasini egallab, suddan hukmni bekor qilib, Ulug‘murodovni bevosita sud majlisi zalining o‘zida darhol ozod qilinishini so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi