Mustaqil Komissiya xalqaro Human Rights Watch tashkilotining e’tirozlariga javob qaytardi
Jamiyat
−
30 yanvar 2023
13677Avvalroq Human Rights Watch (HRW)xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkiloti Qoraqalpog‘istondagi namoyishchilarning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan sudlarni “adolatli emas” deb baholagani haqida xabar bergan edik. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil komissiya HRW’ning e’tirozlariga javob qaytardi.
Unda aytilishicha, HRW 2022 yilgi hisobotida, 2022 yilning 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan namoyishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan namoyishchilarni tarqatish maqsadida haddan tashqari kuch ishlatgani oqibatida ko‘plab fuqarolar og‘ir tan jarohati olgani va ba’zilari vafot etganini aytgan. Shuningdek, namoyishlarda 500 dan ortiq shaxslar hibsga olingani va ushbu axborot tayyorlanayotganda ularning qanchasi hibsda saqlanayotgani noma’lum ekanligi qayd etilgan.
Qolaversa, tashkilot Mustaqil komissiyaning mustaqil ekaniga shubha bildirgan.
“Shuni ma’lum qilamizki, 2022 yilning 12 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya Bosh prokuraturaga so‘rov kiritib, masalaga oydinlik kiritgan va o‘sha paytda mazkur ish yuzasidan 39 nafar shaxs qamoqda saqlanayotgani keng jamoatchilikka ma’lum qilingan.
Namoyishlarni bostirish va qamoqda saqlash vaqtida qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoq holatlarining qo‘llanilgani masalasi Mustaqil komissiya a’zolari tomonidan o‘rganilgan. Shunga ko‘ra, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar va ma’muriy javobgarlikka tortilgan va qo‘yib yuborilganlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar tahliliga ko‘ra, ruhiy va jismoniy qiynoq holatlari xususida biror bir ma’lumot aniqlanmadi”, degan Mustaqil komissiya javobida.
Bundan tashqari, komissiya D.Tajimuratov bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida, u saqlash joyi va sharoiti, qiynoq hamda ruhiy bosimlar bo‘lmagani, lekin sud jarayonida u aynan ushlash vaqtida unga tan jarohat yetkazilganidan arz qilganini bildirgan.
Shuningdek, komissiyaning mustaqil emasligi yuzasidan fikrlarini ham rad etgan.
“Human Rights Watch tashkilotining 2022 yilgi hisobotida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan namoyishlar bo‘yicha mustaqil o‘rganish ishlarini olib borayotgan Komissiya tarkibi uni haqiqatdan ham mustaqil deb tan olinishiga imkon bermasligi qayd etilgan. Lekin, bu fikr asoslantirilib berilmagan. Ushbu inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotning aynan qaysi Komissiya a’zolariga nisbatan ishonchsiz kayfiyatda ekani ochiqlanmagan.
Inson huquqlari himoyasi yo‘lida faoliyat olib boruvchi “Human Rights Watch” xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotining Komissiya a’zolarini qadr-qimmatini kamsitilishiga va hurmatsizlantirilishiga olib keluvchi ushbu xulosasi umume’tirof etilgan xalqaro normalarga zid ekanligiga ishonchimiz komil. Qolaversa, Komissiyaning yakuniy xulosasi ham hali e’lon qilinmagan. Demak, xulosa chiqarishga hali erta”, deya ta’kidlanadi xabarda.
LiveBarchasi