Banklarning odamlarda qasdi bormi? Plastikdagi pulni naqdlashtirish 3% gacha ko‘tarilgani aytilmoqda
Jamiyat
−
11 iyul 2022
27743Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi tijorat banklarining bankomatlaridan plastik kartadagi pulni naqdlashtirishda komissiya to‘lovi sinov tariqasida 3 foizgacha ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, naqdlashtirilgan 1 mlnga pul uchun 1 foiz, undan ortiq mablag‘ uchun 3 foiz komissiya qo‘llaniladi va bu amaliyot ayrim nodavlat tijorat banklarida allaqachon boshlangan. QALAMPIR.UZ tarmoqda muhokamalar markazida bo‘lib turgan ushbu masala bo‘yicha Markaziy bank Matbuot kotibi Akmal Nazarov bilan bog‘lanib, holatga aniqlik kiritishga harakat qildi.
Avvaliga Nazarov o‘zining mehnat ta’tilida ekanini aytarkan, holatdan bexabarligini urg‘uladi va aniqlik kiritishini va’da qildi. Oradan bir necha soat o‘tgach, QALAMPIR.UZ u bilan yana bog‘landi. Bu gal Nazarov o‘z javobida hozirda aynan qaysi bank plastik kartadagi pullarni bankomatda naqdlashtirish uchun komissiya miqdorini oshirganini bilmasligini aytdi.
“Umumiy 33 ta bank bor. Undan 8 tasi davlat banki, qolgani xususiy. Siz aytgan holat davlat banklarida aniqlanmagan. Xususiy banklarni esa tekshiryapmiz. Hozirgacha qaysi bankda bunday holat sodir bo‘lgani aniqlanmadi. Agar kimdir aniq bankni aytsa, yaxshi bo‘lardi. Tez orada holat bo‘yicha izoh beramiz”, deydi MB Matbuot kotibi.
Ma’lumot uchun, hozir bankomatlarda plastik kartadagi pulni naqd pulga aylantirishda mijozdan 1 foiz miqdorida komissiya ushlab qolinadi.
Qayd etish kerakki, bugun dunyoda banklar mijozlariga qulaylik yaratish uchun xizmat ko‘rsatish foizlarini, xususan, pulni naqd qilish uchun komissiya foizlarini tobora tushirib kelyapti. Ba’zi banklarda pulni naqdlashtirish 0,2 – 0,5 foiz bo‘lsa, ayrim banklar agar hisob raqam ushbu bankdan ochilgan bo‘lsa, naqd pul olish foizini 0 etib belgilagan. Ammo O‘zbekiston banklari dunyoda kuzatilayotgan jarayonga aksincha harakatlanishga qasd qilgan ko‘rinadi.
LiveBarchasi