Qoraqalpog‘iston bo‘yicha moddalar o‘zgarishi mumkin. Qodirov kutilmagan bayonot berdi
Jamiyat
−
15 iyul 2022 35831 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 3-moddasida “O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir”, deb qayd etilgan. Biroq, 70-moddada “Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi”, deb qayd etilgan. Xo‘sh, bir suveren mamlakat ichida ikkinchi suveren mamlakatning bo‘lishi qanchalik to‘g‘ri? Ko‘pchilik bu huquqiy qarama-qarshilikni tuzatishni talab qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – Konstitutsion komissiya raisi o‘rinbosari Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida so‘z ochdi.
U o‘z yozganlarida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasining xalq muhokamasi 15 iyuldan 1 avgustgacha uzaytirilganini izohladi.
“Fikrimcha, ko‘pgina odamlar tom ma’noda Konstitutsion islohotlarni mazmunini endi tushunib yetdilar. Takliflarning ko‘pligi o‘z yo‘liga, ularni qo‘llab-quvvatlovchilar yoki tanqid qilayotganlarning ovozlari aniq va asosli eshitila boshladi. Takliflar takomillashdi, e’tirozlar asoslantirilmoqda. Aslida aynan shu biz kutgan jarayon edi”, deydi Qodirov.
Uning ta’kidlashicha, qarashlarni madaniyat bilan tortishish, xayrixohlarni ko‘paytirish uchun tashviqot-targ‘ibot qilish, qarorlardan norozi bo‘lish – fuqarolik jamiyatining asosiy belgilaridan biri. Lekin, qo‘llab-quvvatlash yoki norozilikni ma’lum qilishning qonunda belgilangan, samarali va madaniyatli shakllari bor.
“Bironta norma siz istagandek bo‘lmasligi mumkin, demak sizdek o‘ylaydiganlar yetarli ko‘p emas. Demokratiya siz tanlagan emas, ko‘pchilik tanlagan qarorni qabul qilinishidir”, deydi Parlament quyi palatasi raisi o‘rinbosari.
U aynan Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha ko‘plab savollar kelib tushayotganini aytgan:
“Masalan, ko‘p vatandoshlar savol berayabdi: Konstitutsiyaning 3-moddasida O‘zbekiston hududi bo‘linmasdir, deb yozilgan, unda nega Konstitutsiyaning boshqa moddasi O‘zbekiston hududini bo‘lishga huquq beradi? Yoki, suveren davlatni ichida yana suveren davlat bo‘lishi mumkinmi? Ko‘pchilik bu huquqiy qarama-qarshilikni tuzatishni talab qilmoqda”.
Qodirovning urg‘ulashicha, demokratiya ko‘pchilikning qarorini tan olishdir. Ko‘pchilik qarorini tan olmaydigan buzg‘unchi ozchiliklar nafaqat rivojlanishni to‘xtatadi, balki mamlakatni o‘yin maydoniga aylantirib yuborishi mumkin.
“Barcha o‘zbekistonliklarni muhokamalarda faol bo‘lishga chaqiraman. Xalq nima desa shu bo‘ladi! To‘g‘rirog‘i, xalqning ko‘p qismi nima desa, shu bo‘ladi. Unutmang, Konstitutsiya ham, O‘zbekiston ham yagona va biznikidir!”, deb so‘zlariga yakun yasagan Qodirov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 15 iyul kuni o‘tkazilayotgan yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati 1 avgustgacha uzaytirildi.
Live
Barchasi