Vafot etgan va dafn qilib bo‘lishgan – Jirinovskiy Nazarboyev haqida
Olam
−
15 yanvar 2022
33696Qozog‘istoning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev katta ehtimol bilan allaqachon vafot etgan va dafn qilingan bo‘lishi mumkin. Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (RLDP) raisi Vladimir Jirinovskiy “Komsomolskaya pravda” radiosi efirida shunday asossiz fikr bildirdi.
“O‘ylashimcha, allaqachon vafot etgan. O‘lgan va dafn qilib bo‘lishgan”, degan Jirinovskiy. U musulmonlar marhumlarni o‘sha kuni dafn etishini qo‘shimcha qilgan.
Jirinovskiyning so‘zlariga ko‘ra, odam “bu qadar jim yashirinib”, hech narsa demasdan tirik qolishi mumkin emas. RLDP yetakchisining eslatishicha, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq rahbari Karim Masimov lavozimidan chetlatilganidan bir hafta o‘tib, davlatga xiyonatda ayblanib, hibsga olingan.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tamiz, Vladimir Jirinovskiy sobiq sovet davlatlariga aloqador turli xil tuturuqsiz provokatsion fikrlar bildirishi bilan odamlarga yaxshi tanish. Ko‘plab ekspertlar uni "Kremlning og‘zi" deb hisoblaydi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi. Hozirgacha Belarus, Armaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.
LiveBarchasi