“Xol qo‘ygan” Bayden, FIFA reytingida pastlagan O‘zbekiston, Rossiyani “kulrang ro‘yxat”ga kiritayotgan YeI... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
11 fevral 2022
18383Jamiyat
O‘zbekistonda taniqli shaxslarning dorilar reklamasida chiqishi taqiqlanadi
O‘zbekistonda taniqli shaxslarning dori-vositalari reklamasida ishtirok etishi taqiqlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilgan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Qonun bilan normalarni qo‘llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilmoqda. Masalan, “reklama ob’ekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda.
1 va 2-sinf o‘quvchilarini “Ona tili”dan uy vazifalarini baholash bekor qilinadi
2021-2022 -o‘quv yilidan ona tili va o‘qish savodxonligi fanining 1- hamda 2-sinfidan uyga vazifalar olib tashlangani bois uy vazifalarini baholash bekor qilinadi. Bu haqda Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva ma’lum qildi.
Rasmiyga ko‘ra, uyga vazifalarning olib tashlanishiga birinchi sabab ularning amalda samarasiz topshiriqqa aylangani bo‘lsa, ikkinchidan darslardan charchab borgan quyi sinf o‘quvchilari uyda ko‘proq dam olishlari lozim deb qaralmoqda. Samarasiz topshiriq deganda o‘quvchi bajarib kelgan uyga vazifalar yo‘l-yo‘lakay tekshirilayotgani yoki deyarli tekshirilmayotgani, o‘quvchi xato va yutuqlarini yetarli anglab olishi uchun vaqtning yetishmasligi nazarda tutilgan.
Buxoroda fuqaro kabutar sabab tanishining mashinasini yoqib yubordi
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida fuqaro kabutar ustidagi kelishmovchilik sabab tanishining mashinasini yoqib yubordi.
Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 7 fevral kuni soat 2:58da noma’lum shaxs G‘ijduvon tumani “A.Donish” ko‘chasidagi 78-uy oldida turgan 37 yoshli B.F., ga tegishli Lacetti rusumli avtomashinasini yoqib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksning 173-modasi 2-qismi “b” bandi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prezident YTHlarning asosiy sabablarini ma’lum qildi
O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari ko‘pincha haydovchilarning qoidalarni mensimasligi sabab yuz beradi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda sohadagi ayanchli holat statistik ma’lumotlar asosida tanqidiy tahlil qilingan. Tahlillar ko‘rsatishicha, avariyalarning:
• 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi;
• 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi;
• 25 foizi yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi;
• 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Prezident Namangan IIB boshlig‘ini ishdan oldi. Yana ikki viloyat YHXB boshlig‘i “uchdi”
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshliqlarini ishdan olinadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 fevral kuni bo‘lib o‘tayotgan “Xavfsiz va ravon yo‘l" tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday ko‘rsatma berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avtohalokatda odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
Andijonda shifoxonada portlash sodir bo‘ldi
Bugun, 11 fevral kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanining “Qorako‘rpa” MFYda joylashgan shifoxonada gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 7 kishi jabrlangan. Halok bo‘lganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Shundan so‘ng, Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Shahrixon tumanidagi xususiy diagnostika va davolash maskanida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Endi haydovchilarga qoidabuzarlik uchun ball beriladi
2021 yilda O‘zbekiston bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, yunusobodlik haydovchi 2021 yilda 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan (230 million so‘m jarima hisoblangan). Yuqori chirchiqlik haydovchi esa 2021 yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir qilib, oxir-oqibat jiddiy yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Toshkentda erkak tanishini “shlang” bilan urib, o‘ldirdi
Toshkentda fuqaro ta’mirlash uchun borgan xonadonida o‘zi bilan birga kelgan tanishini rezina quvur bilan urib o‘ldirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Joriy yilning 7 fevral kuni soat 17:00 larda 43 yoshli Yu.O. Bektemir tumani Majnuntol mahallasida joylashgan xonadonda bo‘la turib, ushbu xonadonda ta’mirlash ishlarini olib borish uchun o‘zi bilan birga kelgan 43 yoshli B.E. bilan tortishib qolgan. So‘ng o‘zaro janjallashib, Yu.O. rezinadan ishlangan quvur (shlang)ning bo‘lagi bilan B.E.ni tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Andijonda “Xalq banki”ning bir guruh xodimlari 4,6 mlrdni o‘margani aniqlandi
“Xalq banki”ning Andijon viloyati filiali Amaliyot bo‘limining 13 nafar xodimi 4,6 milliard so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan viloyat AT “Xalq banki” Amaliyot bo‘limi xodimlari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatalari olib borilmoqda.
Tergov davomida bankning 13 nafar xodimi 4,6 milliard so‘mni o‘zlashtirgani aniqlangan.
Olam
Putin va Makron nega memlarga sabab bo‘lgan uzun stolda muzokara o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Moskvaga tashrifi chog‘ida PZS test topshirishdan bosh tortgani uchun u Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan memlarga sabab bo‘lgan uzun stol bilan ajratib qo‘yildi. Bu haqda Yelisey saroyidagi anonim manba OAVga ma’lum qilgan.
Makron va Putin joriy yilning 7 fevral kuni Moskvada uchrashib, Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilishdi. Suhbatdoshlar to‘rt metr uzunlikdagi stolning qarama-qarshi tomonlarida o‘tirishdi va bu matbuotda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Fevral oyi boshida Putin xuddi shu stolda Vengriya bosh vaziri Viktor Obran bilan muzokaralar o‘tkazgandi.
Bayden yana “xol qo‘ydi”
AQSH Prezidenti Jo Bayden yana adashib ketdi. Bu safar u Afg‘onistonni avval Ukraina, keyin esa Iroq deb atadi va Qo‘shma Shtatlarning 20 yillik harbiy kampaniyadan so‘ng mamlakatni tark etish qarori to‘g‘riligini yana bir bor tasdiqladi.
“Ukrainani birlashtirish uchun bizda zarracha imkoniyat bo‘lmadi. Ya’ni, Iroq, kechirasiz. Afg‘oniston! Bunga erishish mumkin emas edi”, dedi u NBC telekanaliga bergan intervyusida.
Ahvoli og‘irlashgan Jirinovskiy yaqinlarini tanimay qoldi
Rossiya Liberal-demokratik partiyasining koronavirusga chalinib, shifoxonaga yotqizilgan raisi Vladimir Jirinovskiyning ahvoli og‘irlashdi.
Uning atrofidagi manbalarning bildirishicha, Vladimir Jirinovskiy qarindoshlari, hamkorlari, yaqinlari va shifokorlarini tanishni to‘xtatgan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Shifokorlar kasallikning keyingi rivojlanishini bashorat qila olmayapti.
9 fevral kuni siyosatchi COVID-19 fonida rivojlana boshlagan ikki tomonlama pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgandi. O‘pkaning shikastlanish darajasi bir tomondan 30%, boshqa tomondan 50% edi. Rossiya matbuotiga ko‘ra, u nafas olish apparatiga ulangan, biroq Jirinovskiyning qandli diabeti progressiv bo‘lganligi sababli davolash murakkablashgan.
AQSH amerikaliklarni zudlik bilan Ukrainadan “surish”ga chaqirdi
AQSH Davlat departamenti kecha, 10 fevral kuni Ukrainadagi amerikaliklarga ushbu mamlakat hududini zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. Bu haqda Davlat departamenti xabar berdi.
“Rossiyaning harbiy harakatlari tahdidi kuchayganligi sababli, shuningdek, COVID-19 tufayli Ukrainaga bormaslik tavsiya etiladi. Ukrainadagilar tijorat yoki shaxsiy transportda u yerdan chiqib ketishi kerak”, deyiladi xabarda.
Putin Medvedevga migrantlar bo‘yicha yangi vazifa yukladi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining davlat migratsiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tegishli hujjat huquqiy axborotning rasmiy portalida e’lon qilingan.
Yangi tuzilmani Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari boshqaradi, hozirda bu lavozimni Dmitriy Medvedev egallab turibdi.
Ta’kidlanishicha, komissiya migratsiya sohasida davlatning milliy xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish manfaatlaridan kelib chiqqan holda migratsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etilgan.
KXSHT Markaziy Osiyo davlatlarida mashg‘ulotlar o‘tkazadi
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti 2022 yilda Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston hududida bir nechta harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda KXSHT Birlashgan shtabi rahbari Anatoliy Sidorov ma’lum qildi.
“Qozog‘iston Respublikasi hududida biz qo‘shinlarning turli tarkibiy qismlarini tayyorlashni birlashtirgan qo‘shma va maxsus mashg‘ulotlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Tojikiston hududida Markaziy Osiyo mintaqasining “Chegara” tezkor qo‘shinlari bilan birgalikda xalqaro terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni ishlab chiqishga oid qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Yakuniy bosqichda Qirg‘iziston Respublikasi hududida “Buzilmas birodarlik” tinchlikparvar kuchlari bilan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan”, degan Sidorov.
YeI Rossiyani “kulrang ro‘yxat”ga kiritmoqchi
Yevropa Ittifoqi Rossiyani soliq sohasining kulrang, deb ataladigan ro‘yxatiga kiritishga tayyorlanyapti. Bu haqda “EUobserver” nashri hujjat loyihasiga tayanib, xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxat 15 tadan 25 ta yurisdiksiyagacha kengaytiriladi. Unga Rossiyadan tashqari Isroil, Bermud va Britaniyaning Virjiniya orollari kiradi.
Taxminlarga ko‘ra, ro‘yxatning yangi tahriri joriy yilning 24 fevral kuni Yevropa kengashi yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Germaniyada Nazarboyevlarga tegishli hashamatli saroylar aniqlandi
Germaniyada Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning oila a’zolarining hashamatli saroylari topildi. Bu haqda Germaniyaning Deutsche Welle (DW) nashri xabar bergan.
“Freskalar, hashamatli qandillar, qimmatbaho yog‘ochlardan yasalgan shiftlar — Baden-Badendagi Zeyelax saroyining ichki bezaklari hayratlanarli. XIX asrda Zeyelax mashhur rus diplomati, xususiy maslahatchi Mixail Xreptovichning yozgi qarorgohi bo‘lgan. Ammo hozir bu yerda nimalar borligi aristokratning tushiga ham kirmagan. Qozog‘istonlik yangi mulkdorlar tarixiy villani qayta qurib, hududda favvorali landshaft bog‘i va uning ostida 1000 kv.m ga yaqin hashamatli spa-zona barpo etishgan”, deyiladi xabarda.
Sport
FIFA reytingida O‘zbekiston bir pog‘ona pastladi
O‘zbekiston terma jamoasi FIFA tomonidan e’lon qilinadigan reytingda 85-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan oyga nisbatan bir pog‘ona past degan.
10 fevral kuni e’lon qilingan jadvalda kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinish olgan:
1. Belgiya – 1828,45 (ball)
2. Braziliya – 1823,42
3. Fransiya – 1786,15
4. Argentina – 1766,99
5. Angliya – 1755,52
6. Italiya – 1740,77
7. Ispaniya – 1704,75
8. Portugaliya – 1660,25
9. Daniya – 1654,54
10. Niderlandiya – 1653,73
“Barsa” Xoland transferi o‘xshamasa, “kichik Zlatan” bilan shartnoma imzolaydi
“Barselona” Dortmundning "Borussiya" klubi hujumchisi Erling Xoland bilan shartnoma imzolay olmasa, uning o‘rniga muqobil variant borasida qaror qabul qildi. Ispan nashrlari xabariga ko‘ra, “Real Sosedad” hujumchisi Aleksandr Isak “ko‘k anorranglilar” uchun muqobil variant sifatida qaralmoqda.
“Barsa” futbolchini bir necha oy kuzatib bordi. Shuningdek, shved hujumchisining o‘zi ham Kataloniya klubida o‘ynashni istamoqda. Isak “Real Sosedad” sharafini 2019 yilning yozidan beri himoya qilib keladi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2026 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan.
“Transfermarkt” portali Isakni 40 million yevroga baholamoqda. Ispaniya chempionatining joriy mavsumida 22 yoshli hujumchi 19 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
“MYU” yana Ronaldusiz qolishi mumkin
“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu “qizil iblislar” safiga qaytganidan mamnun emas. 37 yoshli portugaliyalik futbolchi o‘z agenti Jorje Mendesh bilan klubini o‘zgartirish borasida muzokara olib boradi, deb xabar beradi “Daily Star” nashri.
Manbaning yozishicha, Ronalduning qaror qabul qilishida “Manchester Yunayted” rahbariyati tanlagan yangi bosh murabbiyning nomzodi muhim rol o‘ynaydi.
Ronaldu mavsum oxirida faoliyatini davom ettirish uchun bir nechta variantga ega bo‘lish maqsadida yaqin vaqt ichida agenti bilan muzokaralar olib borish niyatida. Krishtianu “Manchester Yunayted”ning vaqtinchalik ustozi Ralf Rangnikning uslubiga moslashishga urindi, ammo psixologik jihat portugaliyalikning o‘yin shakliga sezilarli darajada ta’sir qildi.
LiveBarchasi