Zelenskiy: “Ukraina muzokaralarga tayyor, ammo...”
Olam
−
30 Sentabr 2022
27243Ukraina Rossiya bilan tinchlik bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyor, ammo RFning amaldagi Prezidenti Vladimir Putin bilan emas. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatida ma’lum qildi.
Prezident bugun Oliy bosh qo‘mondonlik shtabining yig‘ilishini o‘tkazgani va Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishi yakunlanganini aytgan. Xususan, Zelenskiy quyidagi qarorlar qabul qilinganini aytdi:
“Birinchidan, faqat Ukrainani mustahkamlash va butun hududimizdan bosqinchilarni quvib chiqarish yo‘ligina tinchlikni qaytaradi. Biz shu yo‘ldan boramiz.
“Ikkinchidan, Ukraina muzokaralar bo‘yicha yetakchi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Aynan bizning davlatimiz hamisha Rossiyaga teng asosda birga yashashga kelishib olishni taklif qilgan va muzokaralar olib borishda yetakchi bo‘lib qolmoqda. Aynan bizning davlatimiz Rossiyaga hamisha teng, halol, munosib va adolatli sharoitlarda birga yashashga kelishib olishni taklif qilgan. Shubhasiz, bu Rossiyaning [amaldagi] Prezidenti bilan mumkin emas”, deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “qadr-qimmat va halollik nimaligini bilmaydi”. Shuning uchun Ukraina boshqa Rossiya Prezidenti bilan muloqotga tayyor.
“Uchinchidan, biz amalda erishgan barcha narsani qonuniy ravishda qayd etishimiz kerak. Demokratiyaning zolimlikka qarshi taqdiri aynan Ukrainadagi kurashda hal qilinadi. Aynan shu yerda biz davlat chegaralarimiz mustahkamligi bilan barcha Yevropa davlatlarining chegaralarini mustahkamlashimiz mumkin. Boshqa hech kim bizning qit’amizga urush olib kelishga jur’at eta olmasligiga kafolat bera olamiz.Aynan shu Ukrainada bizning Yevro-Atlantika hamjamiyatimizning qadriyatlari haqiqiy hayot energiyasini, ozodlik uchun kurashayotgan xalqlarning kuchini va bu kurashda yordam beradigan xalqlarning kuchini oldi”, deya qo‘shimcha qilgan Ukraina Prezidenti.
Avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning bosib olingan hududlarini anneksiya qilish haqidagi murojaatida Kiyevni “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga” va “muzokaralar stoliga qaytishga” chaqirgandi. Shuningdek, u Rossiya anneksiya qilgan to‘rt viloyat – Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje taqdiri muzokara mavzusi bo‘lmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi