Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni olib borish bo‘yicha farmon imzoladi
Olam
−
05 aprel 2022
14763Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 4 aprel kuni Rossiya bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun delegatsiya tuzish haqidagi farmonni imzoladi.
“Ukraina xavfsizligi kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma loyihasini tayorlash va kelishish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarda ishtirok etishi uchun Ukraina delegatsiyasi tuzilsin”, deyiladi hujjatda.
Hujjat Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilingan. Unga ko‘ra, Zelenskiy delegatsiyaga o‘zining “Xalq xizmatkori” partiyasining parlamentdagi delegatsiyasi rahbari David Araxamiyani tayinlagan.
Zelenskiy delegatsiya tarkibiga deputatlar Andrey Kostin, Dmitriy Lubinets va Rustem Umerov, Ukraina Adliya vaziri Denis Malyuska, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak, Ukraina Mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari kiradi Nikolay Tochitskiy, xalqaro huquqshunos, delegatsiya eksperti Aleksandr Malinovskiy, Ukrainaning Favqulodda va Muxtor Elchisi, delegatsiya eksperti Aleksandr Chaliyni kiritgan.
Zelenskiy o‘z farmoni bilan delegatsiya rahbari Araxamiyaga Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan kelishgan holda delegatsiya tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat berdi. Davlat rahbari Ukraina delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma loyihasini tayyorlash va tasdiqlash bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi to‘g‘risidagi direktivani ham tasdiqlagan. Ko‘rsatmalar farmon bilan bir vaqtda unga ilova sifatida chiqarilgan, biroq ular davlat siri deb tan olingan va oshkor etilmagan, deyiladi farmonda.
Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdilar. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ta’kidlaganidek, Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Avvalroq Zelenskiy Buchadagi qirg‘indan keyin Rossiya bilan muzokara o‘tkazish ham juda qiyin bo‘lishini ta’kidlagandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi