Yevropaning eng boy davlati Rossiya qarshisida Ukrainaga kafil bo‘lishi aytildi

Olam

image

Germaniya Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor, biroq urush davom etmoqda va tinchlik muzokaralarida hali muvaffaqiyatga erishilmagan. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ma’lum qildi, deya xabar beradi “Die Zeit”.

Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya urush tugaganidan keyin Ukraina xavfsizligini ta’minlashga tayyor. Ammo urush hali ham davom etmoqda va Rossiya bayonotlariga ishonib bo‘lmaydi.

“Agar kafolatlar kerak bo‘lsa, Germaniya ham u yerda bo‘ladi va kafolat beradi. Biz Ukraina bilan 100 foiz birdammiz”, deyiladi xabarda. Bu tinchlik muzokaralari va keyingi tinchlik tartibiga ham tegishli.

Biroq vazir Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralardan hech qanday yutuq kutish mumkin emasligini tan olgan. Rossiya tomoni kafolat va betaraflik haqida gapirganda, ular Ukraina tomonidan mutlaqo boshqacha narsani nazarda tutadi, degan Berbok.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainada tinchlik o‘rnatishning asosiy shartlaridan biri neytral maqom va NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishdir. Ukraina xalqaro hamkorlar, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, jumladan Buyuk Britaniyadan xavfsizlik kafolatlarini oladigan bo‘lsa, buni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

Kafil bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar orasida Turkiya ham bor. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvda Anqara Kiyevga kafil bo‘lishga roziligini bildirgandi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 29 mart kuni Istanbulda Ukraina va Rossiya Federatsiyasi delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada Ukraina uning uchun xavfsizlik kafolatlarining yangi tizimi bo‘yicha xalqaro shartnomani imzolashni taklif qildi.

Arakhamiyaning aytishicha, rasmiy Kiyev kafillar qatorida BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar, jumladan Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, shuningdek, Turkiya, Germaniya, Kanada, Italiya, Polsha va Isroil ham bor.

Muzokaralarning navbatdagi raundi 1 aprel kuni onlayn rejimda bo‘lib o‘tadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing