YeI Ukrainaning pattasini qo‘liga tutqazdi. Ukrainani tiklashga pul berilmaydi
Olam
−
30 iyun 2022
20305Yevropa Ittifoqi mojarodan keyin Ukrainani qayta tiklash uchun byudjet zaxiralaridagi mablag‘lardan foydalana olmaydi, chunki ular mavjud emas. Bu haqda inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich bugun, 30 iyun kuni chop etilgan “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, YeI Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, shuningdek ichki qiyinchiliklar va global inqirozlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘proq resurslar ajratishi kerak. YeI yordam berishning bir necha yo‘llarini, jumladan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda foydalaniladigan “Ishonch fondi” yoki “qo‘shma kredit sxemasi”ni yaratishni ko‘rib chiqmoqda.
“Yevropa Ittifoqi byudjetida ichki zaxiralarni izlash aniq variant emas, chunki ular endi mavjud emas”, deydi Lenarchich.
Avvalroq, “Bloomberg” nashri Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 600 million yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratmoqchiligini aytgan edi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleg Ustenko Ukraina infratuzilmasi va iqtisodiyotini tiklash uchun 1 trln dollarga yaqin mablag‘ talab qilinishini ma’lum qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.