YeIga og‘ayotgan Armaniston YeOIIdan haydalishi mumkin

Olam

−

image

Yevroosiyo hukumatlararo kengashining Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan bo‘lgan a’zolari Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YeOII) a’zoligi to‘xtatilishining ehtimoliy oqibatlari to‘g‘risida ma’ruza taqdim etdi. Bu haqda Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

“Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining 2026 yil 29 maydagi Qo‘shma bayonotini ijro etish yuzasidan Yevroosiyo hukumatlararo kengashining Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan bo‘lgan a’zolari tomonidan “Armaniston Respublikasiga nisbatan 2014 yil 29 maydagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi Shartnomaning amal qilishini to‘xtatishning ehtimoliy oqibatlari to‘g‘risida”gi ma’ruza tayyorlandi”, deyiladi xabarda.

Ma’ruza Armaniston tomonidan Yevropa Ittifoqiga kirishga qaratilgan ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, YeOII va YeI huquqiy rejimlarining mutanosibligi (xususan, Yerevanning YeOIIga a’zolik doirasidagi majburiyatlari va YeIga kirish bilan bog‘liq majburiyatlari) tahlilini o‘z ichiga oladi. Unda, shuningdek, Armanistonning YeIga kirish qarori oqibatida yuzaga keladigan xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda Armanistonning YeOIIga a’zoligi to‘xtatilishining ehtimoliy oqibatlari bahosi keltirilgan.

Ma’ruza Yevroosiyo “beshligi”ga kiruvchi davlat rahbarlariga topshiriladi.

“Hukumat rahbarlari tomonidan imzolangan ma’ruza ilova qilingan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashiga murojaatnoma 2026 yil 20 oktyabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi a’zolari – Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga rasman topshirish uchun Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga yuborildi”, deyiladi xabarda.

Ma’ruzada qayd etilishicha, Yerevanning Yevropa Ittifoqiga kirishga qaratilgan qadamlari fonida Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida keyinchalik bo‘lishi maqomi tashkilotda savollar tug‘dirmoqda. Mualliflar joriy yilning 24 avgust kuni Armaniston parlamentida hukumatning 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan dasturi taqdimoti chog‘ida Pashinyan mamlakat rahbariyati “ehtimol, yaqin orada YeIga kirish bo‘yicha rasmiy ariza topshirish jarayonini boshlaydi” deb ochiq bayonot berganini eslatib o‘tgan. Biroq Yevropa Ittifoqiga kirish yoki YeOIIda a’zolikni saqlab qolish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazish faqat  “YeIga qilingan rasmiy murojaatga tegishli munosabat olinganidan va jarayon bo‘yicha yo‘l xaritasi paydo bo‘lganidan keyin” rejalashtirilmoqda. Shu sababli, YeIga kirish bo‘yicha yo‘l xaritasi yuzasidan muzokaralar olib borilayotgan davrda respublika YeOIIga a’zolikdan keladigan manfaat va afzalliklarni saqlab qolishni rejalashtirmoqda.

Bojxona hududi yagonaligining buzilish xavfi

“Amaliy nuqtai nazardan, Armaniston Respublikasining YeOIIga a’zoligi saqlanib qolgan holda bojxona sohasida milliy hujjatlar orqali “Yevropa standartlari”ning joriy etilishi YeOII bojxona hududi yagonaligining buzilish xavfini tug‘diradi”, deyiladi ma’ruzada.

Hujjatda qayd etilishicha, agar Ittifoq ishtirokchilaridan biri YeOIIda belgilanganidan farq qiladigan tartibda faoliyat yurita boshlasa, Ittifoqqa a’zo davlatlar tomonidan Armaniston hududidan olib kirilayotgan uchinchi mamlakatlar tovarlarining bojxona hududiga qonuniy kirib kelganini qayta tekshirish zarurati yuzaga keladi. 

“Ushbu harakatlarning oqibati YeOII umumiy bozorlarida tovarlar narxining oshishi, shuningdek, YeOII ichidagi tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardosh ustunliklari hamda daromad darajasining pasayishi bo‘ladi”, deb ta’kidlanadi qo‘shma ma’ruzada. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Respublika instituti tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, Armaniston fuqarolarining 75 foizi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing