YeI Rossiyaga qarshi yettinchi sanksiyalar paketi ustida ish boshladi – Yablonskiy

Olam

image
YeI Putin Rossiyasini bugungacha qanday sanksiyalar bilan o‘rab oldi? north_east

YeI Putin Rossiyasini bugungacha qanday sanksiyalar bilan o‘rab oldi?

Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi yettinchi sanksiyalar paketi ustida ish boshladi. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy PAP agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Jurnalistning “keyingi sanksiyalar paketi ustida ish boshlandimi?”, degan savoliga Yablonskiy “Albatta!”, deb javob qaytargan.

Unga ko‘ra, yangi cheklovlar Rossiya gaziga ta’sir qiladi va SWIFT'dan uziladigan banklar ro‘yxatini kengaytiradi.

U SWIFT'dan o‘chirilishi mumkin bo‘lgan potensial banklar ro‘yxatida Rossiya gazi uchun to‘lov sxemasi tashkil etilgan “Gazprombank”ni qayd etib o‘tdi.

Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Rossiyaning Yevropadagi aktivlarini nafaqat muzlatib qo‘yish, balki musodara qilish zarurligini qo‘shimcha qildi. 

“Bu masala ustida ish olib borilmoqda”, deydi Yablonskiy.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani va Ukraina nisbatan hujum boshlaganidang so‘ng oltinchi sanksiyalar paketini qabul qildi. Kengash Rossiya neftiga to‘liq embargo qo‘ya olmadi.

“Qora ro‘yxat”ga Rossiya va Ukrainaning 65 nafar fuqarosi, jumladan harbiylar, jurnalistlar, tadbirkorlar va ularning oila a’zolari, shuningdek, 18 nafar yuridik shaxs kiritilgan.

Ular orasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Olimpiya chempioni Tatyana Navka va Olimpiya chempioni Alina Kabayeva, Yandeks asoschisi Arkadiy Voloj, “Roskomnadzor” rahbari Andrey Lipov, “Severstal” egasi Aleksey Mordashov va uning rafiqasi Marina Mordashova ham bor.

Bundan tashqari, Rossiyaning uchta banki, jumladan, Sberbank va bir Belarus banki SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan chiqarildi. 

YeI Kengashi bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi rossiyalik jismoniy shaxslarning umumiy soni 1158 nafarga, yuridik shaxslar esa 98 nafarga yetgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin sanktsiyalar

Baholaganlar

5

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing