YeI Putin Rossiyasini bugungacha qanday sanksiyalar bilan o‘rab oldi?
Tahlil
−
03 iyun 2022
9723Avval xabar berganimizdek, kecha, 2 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani va Ukraina nisbatan hujum boshlaganidang so‘ng oltinchi sanksiyalar paketini qabul qildi.
Paket Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga rus neftini tanker bilan yetkazib berishga olti oylik embargo, neft sanoatida rus kompaniyalariga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash, uchta bankni, jumladan Sberbankni SWIFT to‘lov tizimidan uzish, uchta rus media tashkilotiga taqiqni va shaxslarning qora ro‘yxatini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Oltinchi paket Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan keyin kuchga kiradi.
22 fevral kuni YeI Donbass mustaqilligi uchun ovoz bergan Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining 351 nafar deputatiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi (ularning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirishi taqiqlangan va aktivlari muzlatilgan). Bundan tashqari, YeI 27 jismoniy va yuridik shaxsni, jumladan, Rossiyaning Donbasdagi operatsiyalarini moliyalashtiradigan bank va tashkilotlarni qora ro‘yxatga kiritdi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Yevropa kompaniyalariga LXR va DXR (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.) bilan biznes yuritishni taqiqlab qo‘ydi va jamiyatning kapital va moliya bozorlariga kirishni cheklab, Rossiyaning davlat qarziga qarshi sanksiyalar qo‘llashga qaror qildi.
25 fevral kuni Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan harbiy tajovuz boshlanishi munosabati bilan YeI ikkinchi chora-tadbirlar paketini kelishib oldi. Sanksiya ro‘yxatiga 78 nafar rossiyalik, jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (ularning YeIga kirishi taqiqlanmagan, biroq ularning aktivlari Yevropa Ittifoqi banklarida topilsa, muzlatib qo‘yiladi), Bosh vazir Mixail Mishustin, Ukrainadagi harbiy operatsiyani qo‘llab-quvvatlagan Davlat dumasi deputatlari va Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi a’zolari kiritilgan.
28 fevraldan uchinchi sanksiyalar paketi joriy etila boshlandi. Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining aktivlari muzlatib qo‘yildi. 26 kishi, jumladan, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, “Rosneft” bosh ijrochi direktori Igor Sechin, “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev va “Sogaz” sug‘urta kompaniyasi ham sanksiyalar ostida qoldi.
2 mart kuni Yevropa Ittifoqi VTB, “Rossiya”, “Otkritiye”, Novikombank, Promsvyazbank, Sovcombank va VEB banklarini SWIFT xalqaro banklararo to‘lovlar tizimidan uzish to‘g‘risida qaror qabul qildi (12 martdan kuchga kirgan).
Shu kuni YeI Rossiyaga yevrodagi banknotlarni sotish, yetkazib berish, eksport qilishni, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda moliyalashtiriladigan loyihalarga sarmoya kiritishni taqiqladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqida Sputnik va RT/Russia Today telekanallari (RT ingliz tilida, RT Buyuk Britaniya, RT Germaniya, RT Fransiya va RT ispan tili) efiriga nuqta qo‘ydi.
9 mart kuni yangi tahrirdagi sanksiyalar ro‘yxatiga 14 nafar tadbirkor va ularning oila a’zolari, shuningdek, 146 nafar deputat kiritildi.
Ular orasida “Aeroflot “direktori Mixail Poluboyarinov, “Rostelekom” rahbari Mixail Oseyevskiy, Federatsiya Kengashining “Rossiya, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish” uchun ovoz bergan senatorlar bor edi.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga navigatsiya va dengiz radioaloqa texnologiyalarini eksport qilishga cheklovlar kiritdi.
15 mart kuni Yevropa Ittifoqi cheklovchi choralarning to‘rtinchi paketini qo‘llashni boshladi. Sanksiyalar ro‘yxati kengaytirilgan bo‘lib, 15 nafar jismoniy va to‘qqiz yuridik shaxs, jumladan Roman Abramovich va Birinchi kanal direktori Konstantin Ernst, “Rosneft-aero” va “Rosoboroneksport” OAJ ham bor.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, davlat ishtiroki 50% dan ortiq bo‘lgan 12 rus kompaniyasi bilan biznes yuritishni taqiqladi. Ular orasida "Oboronprom" sanoat korporatsiyasi, Rostex, "Gazpromneft", "KAMAZ" bor. Biroq taqiq Rossiyadan yoki u orqali import yoki transportirovka qilinishi muhim bo‘lgan qazilma yonilg‘i, jumladan, ko‘mir, neft va tabiiy gaz, shuningdek, titan, alyuminiy, mis, nikel, palladiy va temirni sotib olish operatsiyalariga tatbiq etilmadi.
Qolaversa, Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan temir va po‘lat mahsulotlari savdosiga cheklov kiritdi. Rossiyaga hashamatli tovarlar, yuqori sifatli parfyumeriya, spirtli ichimliklar, maishiy texnika va kiyim-kechaklarni (narxi 300 yevrodan ortiq) yetkazib berish ham taqiqlandi.
8 aprel kuni YeI kengashi Ukrainaga nisbatan harbiy tajovuz tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarning beshinchi paketini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Rossiyadan ko‘mir va boshqa qattiq qazilma yoqilg‘ilarni olib kirish, Rossiya Federatsiyasi kompaniyalarining YeIda davlat xaridlarida ishtirok etishi va Rossiyaning bir qator asosiy banklari bilan operatsiyalarni amalga oshirishga taqiq joriy etildi. Rossiya Federatsiyasiga yarim o‘tkazgichlar, mashinalar va transport uskunalarini eksport qilish, Rossiya kemalarining Yevropa Ittifoqi portlariga kirishi va transport kompaniyalarining Yevropa Ittifoqidagi faoliyati taqiqlandi. Bir qator shaxslarga nisbatan ham cheklovlar joriy etildi.
LiveBarchasi