YeI Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qilishi mumkin – “Bloomberg”

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi urush uchun hujumchi dronlarni ishlab chiqishda Rossiyaga yordam berayotgan bir qancha Xitoy kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Rossiyaning harbiy harakatlariga qarshi sanksiyalarning 15-to‘plamining mazmuni Yevropa Ittifoqida G7 Tashqi ishlar vazirlarining Italiyada bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi oldidan muhokama qilinmoqda, unda Xitoy va Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi boshqa davlatlarga qarshi choralar e’lon qilinishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqi blokning savdo cheklovlarini buzgan kompaniyani nazorat qilgan Xitoy fuqarosiga qarshi sanksiyalar joriy etishni ham taklif qilgan. “Qora ro‘yxat”ga Rossiyaga mikroelektronika yetkazib berishda gumon qilingan Gonkong kompaniyasi va KXDR Mudofaa vazirligi vakillari ham kiritiladi. Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda ishtirok etayotgani haqida Janubiy Koreya razvedkasi va AQSH rasmiylari xabar bergan. Moskva va Pxenyan buni rad etgandi, biroq noyabr oyi boshida KXDR TIV Rossiyaga qanday harbiy yordam ko‘rsatilishini ochiqlamagan holda ma’lumotlarni tasdiqladi.

Bryussel jazo qo‘llashi mumkin bo‘lgan ba’zi Xitoy kompaniyalari allaqachon AQSH va Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Xitoy bir necha bor G‘arb cheklovlarini tanqid qilgan, rasmiylarning ta’kidlashicha, ular mojaro ishtirokchilaridan hech biriga qurol-yarog‘ yetkazib bermaydi va hech qanday aloqasi yo‘q, faqat siyosiy kelishuvga ko‘maklashishda konstruktiv rol o‘ynashga harakat qilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekinning yordami haqidagi ma’lumotlarni dezinformatsiya deb atagan.

Umuman olganda, Yevropa Ittifoqining 15-sanksiya paketiga 50 dan ortiq jismoniy shaxs va 30 ga yaqin kompaniyani kiritish taklif qilinmoqda. Ushbu choralar kuchga kirishi uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH O‘zbekistondagi ikkita kompaniya – Uzstanex va The Elite Investment Groupʼni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Rossiya harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish bilan bog‘liq 275 ga yaqin shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar kiritilgan. “Qora ro‘yxat”ga Rossiya Mudofaa vazirining besh o‘rinbosari (Anna Sivilyova, Aleksandr Fomin, Pavel Fradkov, Viktor Goremikin, Andrey Buliga), umumiy hisobda 400 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgan. Cheklovlar Xitoy, Shveysariya, Turkiya, BAA va Hindistondan kelgan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga ham tegishli hisoblanadi.

Sanksiyaga uchragan kompaniyalar orasida Uzstanex va The Elite Investment Group deb ataluvchi O‘zbekistonning ikki kompaniyasi ham keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi Ukraina sanktsiyalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing