Yanvar fojiasi sarhisobi: Qozog‘istonda qiynoqlari bo‘yicha 100 dan ortiq jinoiy ish ochildi
Olam
−
13 fevral 2022
5022Qozog‘istonda yanvar voqealari paytida xavfsizlik kuchlari tomonidan qiynoqqa solish, hibsga olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha 170 ta ish ochilgan. Bu haqda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bosh prokuror G‘izat Nurdauletov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prokuratura organlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan jami 305 ta murojaat tushgan bo‘lsa, 62 ta murojaatga ko‘ra, “qonun buzilishi o‘z tasdig‘ini topmagan”. Rasmiy relizda qiynoqlar bo‘yicha qolgan 73 ta shikoyat bilan nima sodir bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Kecha, 12 fevral kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev boshchiligida Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Bosh prokuror G‘izat Nurdauletov yanvar voqealari yakunlari bo‘yicha 3240 ta jinoyat ishini tergov qilinayotgani to‘g‘risida axborot bergan. Ta’kidlanishicha, maxsus prokurorlar boshchiligidagi idoralararo tergov guruhi tartibsizliklar va terrorchilik aktlari yuzasidan 177 ta holat tergov qilinmoqda.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, jami 779 nafar gumonlanuvchi hibsda. Qo‘lga olinganlar orasida 24 nafar uyushgan jinoiy guruh a’zosi, 113 nafar shaxs qotillik, o‘g‘rilik, talonchilik jinoyatlari uchun sudlanganlar bor. 109 nafar mahbus yashash joyini tark etmaslik haqidagi yozma majburiyat va shaxsiy kafolat bilan ozodlikka chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 fevral kuni Olmaota shahrida yana namoyish o‘tkazildi. Odamlar yanvar voqelarida halok bo‘lganlarni xotirladi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev “Hazrat Sulton” masjidiga borib, vafot etganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi va xalqqa murojaat qildi.
Namoyishchilar yakunda shahar prokuraturasi va hokimiyati vakillari bilan uchrashib, ulardan yanvar voqealari ortidan hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi va bu talab bajarilmasa, 20 kundan keyin yana namoyish o‘tkazilishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, “Qonli yanvar” fojiasida ham namoyishchilar asosan Nazarboyev va uning oilasiga qarshi talablarni qo‘ygan edilar. Shuningdek, namoyishchilar orasida bo‘lgan Qozog‘istonning badavlat tadbirkorlaridan biri, sobiq deputat va siyosatchi Bulat Abilov hukumat yanvar voqealari vaqtida terrorchilar deya aytilgan odamlarni hukumat o‘zi tayyorlaganini aytdi.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi