Yana bir mamlakat Usmonov va Abramovichga sanksiya kiritmoqda

Olam

image

Kanada yana besh nafar rossiyalik, jumladan rossiyalik tadbirkorlar Roman Abramovich va Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda bugun, 11 mart kuni Varshavada Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qildi. 

"Bugun men sanksiyaga tortiladigan yana besh nafar shaxsni, jumladan Roman Abramovichni e’lon qilishim mumkin. Bu shaxslarning Kanadada biznes yuritishi to‘xtatiladi va ularning hisoblari muzlatiladi", deydi u.  

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova va tadbirkor Alisher Usmonov ham sanksiyalar ro‘yxatidan joy olgan. 

Kecha, 10 mart kuni Kanada rasmiylari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, jurnalist – RT rahbari Margarita Simonyan, teleboshlovchi Vladimir Solovev, Birinchi kanal bosh direktori Konstantin Ernst, tadbirkor Oleg Deripaska va besh kishini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdilar

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, Davlat dumasining Davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi rahbari Pavel Krasheninnikov, shuningdek, Viktor Gavrilov va Dmitriy Ivanovlar cheklovlar ro‘yxatidan o‘rin olgan.  

Tryudoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning 32 ta tashkilot va kompaniyasiga nisbatan ham sanksiyalar joriy qilingan. Ular Kanadadan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan jihozlarni ololmaydilar.  

“Bularning barchasi butun dunyodagi ittifoqchilar bilan birgalikdagi harakatlarimizning bir qismidir. Biz bu choralar mehnatkash kanadaliklarga ta’sir qilmasligiga ishonchimiz komil”, deydi Bosh vazir. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 mart kuni Buyuk Britaniya ham Roman Abramovichga nisbatan sanksiya joriy etib, uning hisobidagi mol-mulk va pullarini muzlatgan edi. Bugun esa esa London Rossiya Davlat dumasining 386 deputatiga sanksiya joriy qildi

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Roman Abramovich Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing