Poytaxtga yaqinlashgan Mirzayev, ketishidan oldin hotamtoylik qilgan Hidoyatov, pora bilan qo‘lga tushgan soliqchi... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Aytish kerakki, bugun 18 noyabr kuni O‘zbekistonda ko‘plab muhim tayinlovlar bo‘ldi. Jumladan, Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev yangi lavozimga tayinlandi, Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan Davron Hidoyatov Chirchiq shahar hokimi etib tayinlangan bo‘lsa, AQSH Tojikiston va Turkmanistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” qatoriga kiritdi. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

O‘zbekistonda yangi yo‘l belgisi paydo bo‘ldimi? YHXBB izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi yo‘l belgisi joriy qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bunga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, yangi yo‘l belgisi haqidagi gaplar asossiz. Negaki, u yo‘l belgilarini tasdiqlovchi hujjatlarda nazarda tutilmagan.

“Gaz zapravka”larning ish vaqtiga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga vaqtincha o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarorining “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”, 7–bob 58-bandi hamda ulgurji va Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risida rasmiylashtirilgan ikki tomonlama shartnoma shartlaridan kelib chiqib, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida cheklovlar joriy qilinadi.

Eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati uzaytirildi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.

Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:

●  2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha;
●  2010 – 2020 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha;
●  2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil sentyabrgacha;
●  2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha.

Tijorat banklarida dollar kursi rekord darajada ko‘tarildi

Bugun, 18 noyabrdan O‘zbekistondagi tijorat banklarida AQSH dollarining sotuv kursi 10810 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu mamlakatda dollar kursi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘z navbatida, tijorat banklari AQSH dollarini 10 700-10 740 so‘mdan sotib olmoqda.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank tomonidan belgilangan dollarning rasmiy kursi 18 noyabrdan 10 755,26 so‘mni tashkil qilmoqda.

Namanganda tuman DSI boshlig‘i pora bilan ushlandi

Namangan viloyatida 1 gektar yerni fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Viloyatdagi tumanlardan birining DSI boshlig‘i haydovchisining nomida bo‘lgan sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 1 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan.

Rasman: Qashqadaryo viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Toirovich Mirzayev vazifasidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni qabul qilindi.

Shuningdek, Prezident farmoni bilan Murodjon Berdialiyevich Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shundan so‘ng, Qashqadaryo hokimligi Matbuot xizmati Zoyir Mirzayevning viloyat faollari bilan xayrlashuv so‘zlarini e’lon qildi.

Uni yangi lavozimga kuzatish davomida viloyat faollari Mirzayevga to‘n kiydirib, xayrlashgan.

Rasman: Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi bo‘ldi

Bugun, 18 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov Prezident farmoni bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Unga ko‘ra, viloyat hokimi Davron Hidoyatov lavozimidan ozod etildi. 

Ayni paytga qadar Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Lavozimidan olinishi kutilayotgan Hidoyatov ekoboshqarmani mashina bilan siyladi

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov bugun, 18 noyabr kuni hokimlik balansidagi Captiva rusumli avtomobilni hududiy Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga o‘tkazib berdi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimligi balansidagi 2015 yilda ishlab chiqarilgan Captiva avtomashinasi davlat raqami bilan Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi balansiga tegishli tartibda o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, Toshkent viloyatining lavozimidan ozod etilgan hokimi Davron Hidoyatov Chirchiq shahar hokimi etib tayinlandi.

Ortiqxo‘jayev Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ladimi?

Mahalliy OAVda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Bosh vazirgi o‘rinbosar bo‘lishi haqida xabar tarqaldi.

Mazkur xabarga oydinlik kiritish uchun Bosh vazir Matbuot kotibi Behzod Hidoyatov bilan bog‘langanimizda, u bunday tayinlov haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini ma’lum qildi.

Olam

 AQSH senatorlari “Arqadag‘”ga maktub yo‘lladi

Joriy yilning 16 noyabr kuni AQSH senatorlari Dik Durbin, Patrik Lixi va Sherrod Braun hamda Vakillar palatasi a’zosi Tom Malinovski Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga ochiq xat yo‘lladi. Xatda siyosiy mahbuslarni, jumladan, jurnalist Nurgeldi Xoliqov, shifokor Xursanoy Ismatullayeva va faol Gulgeldi Annaniyozovni ozodlikka chiqarish so‘ralgan. Murojaat matni senator Durbinning rasmiy saytida e’lon qilingan. 

“Sizning rahbarligingizda Turkmaniston o‘z iqtisodiyotiga e’tibor qaratish, shuningdek xalqaro tashkilotlarga, jumladan, JSTga a’zo bo‘lishga intilmoqda. Bu sa’y-harakatlar mamlakatingizdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor bilan quvvatlanadi”, deyiladi bayonotda. 

AQSH Tojikiston va Turkmanistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” qatoriga kiritdi

Tojikiston va Turkmanistonda “diniy erkinliklarning tizimli va qo‘pol ravishda buzilishi” sodir bo‘lmoqda. 

Davlat departamenti tomonidan tuzilgan hisobotga Amerika qonunchiligiga ko‘ra, diniy erkinlikni buzayotgan “hukumatlar va nodavlat sub’ektlar” kiritiladi. 

Davlat kotibi Blinken o‘zining hisobotida Rossiya, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston va Eritreyani “alohida xavotirga molik davlatlar” qatoriga kiritgan. 

Putin rossiyaliklarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilishni buyurdi

Rossiya Mudofaa vazirligi Afg‘onistondan 380 nafar mamlakat fuqarosini Afg‘onistondan evakuatsiya qiladi. RF Prezidenti Vladimir Putin shunday ko‘rsatma bergan.

“Hozir uchta Il-76 harbiy-transport samolyoti Qobulga insonparvarlik yordamini yetkazgan va endi evakuatsiya qilinadiganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan”, deyiladi vazirlik xabarida.

“Tolibon” boshqa davlatlarni Rossiyadan o‘rnak olishga chaqirdi

Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan toliblar gumanitar yordam ko‘rsatgan Rossiyaga minnatdorlik bildirdi va boshqa davlatlarni ushbu davlatdan o‘rnak olishga chaqirdi. Bu haqda “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin topshirig‘iga ko‘ra Rossiya Aerokosmik kuchlarining uchta Il-76 harbiy-transport samolyoti 380 nafar Rossiya fuqarosini evakuatsiya qilish uchun bugun, 18 noyabr kuni Afg‘onistonga yetib borgan. Samolyotlar, shuningdek Qobul aeroportiga gumanitar yuklarni yetkazgan: har bir samolyot Afg‘oniston aholisi uchun Rossiya Federatsiyasidan 36 tonnadan gumanitar yuk olib borgan.

Sport

“Kanelo” WBC chempionlik kamari uchun jang qiladi

Professional boksning super o‘rta vazn toifasida mutlaq Jahon chempioni Saul “Kanelo” Alvares (57-1, 39 KO) birinchi og‘ir vazn chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi. Bu haqda Butunjahon boks kengashining (WVC) yillik kongressida malum qilindi.

“Kanelo”ning murabbiyi Eddi Reynoso WVC tashkilotidan shogirdining birinchi og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni Ilunga Makabu (28-2, 25 KO) bilan bo‘ladigan jangini tashkil qilishni so‘ragan va Prezident Maurisio Sulaymon jangni tasdiqlagan.

Madrid “bo‘rilari” argentinalik futbolchini kuzatmoqda

“River Pleyt” hujumchisi Xulian Alvaresni Madrid klublari (“Real” va “Atletiko”) jiddiy tarzda kuzatib bormoqda.

“Marca” nashri xabariga ko‘ra, 21 yoshli futbolchi hozirgi darajasini saqlab qolsa, “Real Madrid” u bilan shartnoma imzolash variantini ko‘rib chiqishi mumkin. Shuningdek, argentinalik futbolchi xizmatlaridan “Atletiko” ham foydalanmoqchi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Messi qidirilmoqda

2022 yilgi Jahon chempionatining Janubiy Amerika mintaqasi saralash bahslarining 14 turidan o‘rin olgan Argentina va Braziliya uchrashuvidan so‘ng (0:0), ijtimomiy tarmoqlarda Lionel Messining antiqa surati tarqaldi.

O‘yin durang natija bilan yakunlangach, braziliya OAVda Messi ishtirokidagi surat ommalashdi. U g‘arb uslubida olingan bo‘lib, Messining surati tepasida “qidirilmoqda”, deya yozib qo‘yilgan. Bunga argentinalik futbolchining 90 daqiqa davomida aniq zarba bermagani va gol ura olmagani sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

449

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing