“Tolibon” talabini rad qilgan Panjsherga yuzlab jangarilarini yubordi
Olam
−
23 avgust 2021
16037“Tolibon” Afg‘oniston shimolidagi toliblar hokimiyatini tan olmayotgan Panjsher viloyatini egallash uchun yuzlab jangchilarini yuborganini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 22 avgust kuni TASS “Afg‘oniston Islom Amirligi”ning (harakat o‘zini shunday nomlaydi) Twitter sahifasida e’lon qilingan xabarga tayanib, xabar berdi.
“Islom amirligi”ning yuzlab jangchilari Panjsher ustidan nazorat o‘rnatish uchun viloyat tomon yo‘l olmoqda. Chunki mahalliy hokimiyat bu hududni tinch yo‘l bilan topshirishdan bosh tortdi", deyilgan xabarda.
Avvalroq, “Tolibon” Panjsher rahbari Ahmad Mas’uddan to‘rt soatda viloyatni topshirishni talab qilgani xabar qilingandi. Biroq, Panjsherdagi qarshilik harakati bu talabga rad javobini berdi. Bu orada OAVda harakat va Panjsherdagi qarshilik harakati o‘rtasida muzokara boshlangani haqida xabar tarqaldi.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.
"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar