Pokiston Afg‘onistonga aviazarbalar berdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
10:36 266 2 daqiqa
Bugun, 1 oktyabrga o‘tar kechasi Pokiston Afg‘oniston sharqi va janubiga zarbalar berdi. Oqibatda to‘qqiz kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy rahbarining matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
U Kunar viloyatidagi Cho‘gam hamda Hilmand viloyatidagi Safar aholi punktlaridagi aholi xonadonlari zarbalar ostida qolganini yozgan. 9 nafar tinch aholi vakili, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan, yana 11 kishi jarohat olgan.
Afg‘oniston Zabihulloh Mujohid buni tajovuzkorlik harakati va qabul qilingan tamoyillarning buzilishi deb atagan.
Qayd etish joiz, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yilning oktyabr oyida keskinlashgan edi. O‘shanda Pokiston Harbiy-havo kuchlari Qobulga zarbalar bergan, Afg‘oniston mudofaa vazirligi esa “qasos operatsiyasi” haqida e’lon qilgandi. Tomonlar bir hafta davomida o‘zaro havo zarbalari almashdi, so‘ngra Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.
Fevral oyi oxirida Afg‘oniston Pokiston tomonidan amalga oshirilgan bombardimonlarga javoban Dyurand chizig‘i bo‘ylab amaliyot boshladi. Islomobod esa, o‘z navbatida, javob o‘tini ochganini ma’lum qildi va toliblar bilan ochiq urush boshlanganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi Kunar viloyatiga Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lgani, yana bir necha kishi yaralangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi