XJS “Tolibon” yetakchilarini hibsga olishga order berdi
Olam
−
20:57 490 2 daqiqa
Xalqaro jinoiy sud (XJS) Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha jinoyat ishi doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumatining to‘rt nafar yuqori martabali vakilini hibsga olishga berilgan orderlardan maxfiylik muhrini olib tashladi va ularni e’lon qildi. Sud joriy yilning 5 oktyabr kuni maxfiylik grifni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bu haqda tashkilot saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, hibsga olish orderlari 2025 yilda chiqarilgan. Ular “Tolibon” oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda, bosh sudya Abdul Hakim Haqqoniy, ta’lim vaziri Habibulla Og‘a va Haj hamda vaqf ishlari vaziri Nido Muhammad Nadimga tegishli.
XJS ma’lumotlariga ko‘ra, ular insoniyatga qarshi jinoyatlarga aloqador bo‘lishlari mumkin. Gap odamlarni jinsiy mansubligi, shuningdek, siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilish haqida bormoqda.
Tergov ushbu ayblovlarni 2021 yil avgustida “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin olib borgan siyosati bilan bog‘lamoqda. Sudning baholashicha, harakat tomonidan joriy etilgan qoidalar tinch aholining huquq va ozodliklari keng ko‘lamda cheklanishiga olib kelgan.
Ish materiallarida aytilishicha, ayniqsa shafqatsiz choralar xotin-qizlar va qizlarga qarshi qaratilgan. Ularning ta’lim olish imkoniyati, harakatlanish va o‘z fikrini bildirish ozodligi, shuningdek, shaxsiy va oilaviy hayotga bo‘lgan huquqlari cheklangan. Cheklovlar fikrlash, vijdon va e’tiqod ozodligiga ham ta’sir qilgan.
XJS, shuningdek, olib borilayotgan siyosat bilan bog‘liq qotilliklar, noqonuniy hibsga olishlar, qiynoqlar va zo‘rlashlar haqidagi xabarlarni ham ko‘rib chiqmoqda. XJS ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy jinoyatlar Afg‘onistonda 2021 yil 15 avgustdan, ya’ni “Tolibon” hokimiyatga qaytgan paytdan boshlab sodir etilgan va kamida 2025 yil 20 yanvargacha davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati mamlakat hududida har qanday namoyishlar o‘tkazilishini rasman taqiqlagani haqida xabar berilgan edi. Tegishli norma politsiya to‘g‘risidagi yangi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.
Live
Barchasi