“Terrorchilar vaziyatdan foydalandi”. Qozog‘iston TIV namoyishchilar bilan qanday yo‘l tutilishini ochiqladi
Olam
−
10 yanvar 2022
11677Qozog‘iston yanvar oyida mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat sabablari haqida jahon hamjamiyatiga ma’lumot beradi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Respublika TIVning ta’kidlashicha, Mang‘istau viloyatidagi tinch aholi suyultirilgan gazning yuqori narxlariga qarshi namoyish o‘tkazgach, “terroristik, ekstremistik va jinoiy guruhlar” vaziyatdan foydalanib, mamlakatda zo‘ravonlikni kuchaytirgan.
“Alohida ta’kidlaymiz, tinch namoyishchilar hech qanday ta’qibga uchramaydi. Huquq-tartibot idoralariga ushbu holat sabablarini keng ko‘lamli tekshirish bo‘yicha topshiriq berildi, uning natijalari xalqaro hamjamiyatga yetkaziladi”, deya TIV rasmiylarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan manba.
Qozog‘iston TIV, shuningdek, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlar orasida radikal islomiy guruhlar tomonidagi qaynoq nuqtalarda janglarda qatnashgan shaxslar ham borligini ma’lum qildi. Departamentning qayd etishicha, respublika huquq-tartibot idoralari va qurolli kuchlari “tinch namoyishchilar”ga emas, aynan terrorchilarga qarshilik ko‘rsatadi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi