Sudda yutqazgan Usmonova, $40 mlrddan oshgan qarz, sanksiyalar girdobida qolgan Rossiya... Hafta davomida nimalar bo‘ldi?
Jamiyat
−
12 mart 2022
15165Yakuniga yetib borayotgan hafta O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda ko‘plab esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekistonda galdagi hafta magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq davlat byudjetidan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi haqidagi xushxabar bilan esda qoldi. Davlatlar Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritishdan to‘xtaganicha yo‘q. Quyida hafta davomida dolzarb bo‘lgan voqealarga e’tibor qaratamiz.
Bundan buyon O‘zbekistonda magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Surxondaryodagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi.
Olimlar mazkur ashyolar O‘zbekiston hududidan topilgan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida zarb ettirilgan pul tangalarining eng katta va yaxshi saqlangan xazinasi ekanligini ta’kidlashdi.
Ukrainaning “quyon bo‘lgan” sobiq Prezidenti Viktor Yanukovich Zelenskiyga murojaat qildi
“Men Vladimir Zelenskiyga prezidentlik va hatto biroz otalik bilan murojaat qilmoqchiman. Vladimir Aleksandrovich, siz haqiqiy qahramon bo‘lishni orzu qilgandirsiz! Ammo qahramonlikni ko‘rsatib bo‘lmaydi, bu oxirgi ukrainalik qolguncha kurashish emas. Men juda yaxshi tushunaman, sizning “maslahatchilaringiz” ko‘p, lekin shaxsan siz har qanday holatda ham qon to‘kilishini to‘xtatishga, tinchlik kelishuviga erishishga majbursiz”, deydi u.
Rossiya sanksiyalar girdobida qolish bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi
Joriy yilning 22 fevraligacha Rossiya sanksiyalar bobida Erondan keyin ikkinchi o‘rinda edi. O‘shanda Tehronga qarshi 3616 ta, Moskvaga qarshi 2754 ta sanksiya qo‘yilgan bo‘lsa, Suriya 2608 ta sanksiya bilan uchinchi o‘rinda borayotgandi. Ammo fevral oyidan beri Moskvaga qarshi 2778 ta yangi sanksiya joriy etildi va bu cheklovlar umumiy soni 5532 taga yetdi. Ayni vaqtda Rossiya Erondan ancha oldinda bormoqda.
“Rossiyani terroristik davlat deb tan oling”. Zelenskiy qarsaklar ostida Britaniya parlamentiga murojaat qildi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 8 mart kuni videoaloqa orqali Buyuk Britaniya parlamentida nutq qildi.
“Ukraina bunga intilmadi. Buyuklikni qidirmadi. Ammo urushning shu kunlarida u buyuk bo‘ldi. Bosqinchilarning dahshatiga qaramay, odamlarni qutqaruvchi Ukraina. Dunyodagi eng buyuk armiyalardan birining zarbalariga qaramay, u ozodlikni himoya qilyapti. Ochiq osmonga qaramay, o‘zini himoya qilyapti. U hali ham Rossiya raketalari, samolyotlari, vertolyotlari uchun ochiq. Biz mustaqilligimiz va Ukrainamizni yo‘qotmoqchi emasmiz. Xuddi natsistlar mamlakatingizni egallab olishga uringanda, siz vataningizni yo‘qotishni xohlamaganingizdek”, degan Zelenskiy.
O‘zbekiston tashqi qarzi yangi rekord o‘rnatdi
2021 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi birinchi marta 40 mlrd dollardan oshib 41,6 mlrd dollarni tashkil qildi.
Qayd etilishicha, 2020 yilga nisbatan qarz 12,7 foizga oshgan.
Rus harbiylari Mariupolda “roddom”ga artilleriyadan zarba berdi
Hujum joriy yilning 9 mart kuni sodir bo‘lgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rus harbiylari Mariupoldagi tug‘uruq kompleksiga artilleriyadan zarba berganini vahshiylik deb atadi.
Bunaqasi hali bo‘lmagan – Peskov Rossiya iqtisodi tang ahvoldaligini tan oldi
“Rossiyaga qarshi hech qachon bunday keng ko‘lamli iqtisodiy urush bo‘lmagan, mamlakatda narxlarning oshishi bo‘yicha prognoz qilishning hojati yo‘q, salbiy oqibatlar va keyingi xavflarni kamaytirish uchun choralar ko‘rish kerak”, degan Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Yulduz Usmonova Oliy sudda ham shoirga yutqazdi
Joriy yilning10 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova va shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev bilan bog‘liq mualliflik huquqiga doir ish Oliy sudda ko‘rib chiqildi. Ish shoir Ro‘ziyev foydasiga hal etilib, Yulduz Usmonovaning shikoyati qanoatlantirilmadi.
Sudning ajrimiga ko‘ra, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2021 yil 29 oktyabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Tergov bo‘linmasi boshlig‘i o‘qotar qurolni yig‘a olmadi
Joriy yilning 10 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Nurafshon shahar Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i Mirali Abdurahmonov deb tanishtirgan xodim qismlarga ajratilgan AK-74 o‘qotar qurolini yig‘a olmagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov QALAMPIR.UZ’ga izoh berdi.
Shohruh G‘iyosovning ta’kidlashicha, Toshkent viloyati bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Natijalarga ko‘ra, 95 foiz xodimlar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, 3 foiz xodimlar qayta sinov topshirib o‘tishgan hamda 2 foiz qoniqarsiz baho olgan xodimlar malaka oshirish kurslariga yuborilgan.
Tijorat banklarida dollar kursi ilk bor 11 000 so‘mdan oshdi
11 martdan O‘zbekistondagi tijorat banklarida AQSH dollarining sotuv kursi ilk bor 11 000 so‘mdan oshdi. Ba’zi banklar dollarni 11 010 so‘mdan sotishni boshladi.
Shuningdek, AQSH Rossiyadan olmos va alkogol importini ham taqiqladi.
Rossiya Bosh prokuraturasi Facebook, Instagram va WhatsApp'ni ekstremistik tashkilot deb tan olishni talab qildi.
“Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi “Ekstremistik faoliyatga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi federal qonunga muvofiq, sudga Meta Platforms Inc.ni ekstremistik tashkilot deb tan olish va uning Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyatini taqiqlash to‘g‘risida ariza yubordi", deyiladi hisobotda.
LiveBarchasi