Rossiya sanksiyalar girdobida qolish bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi

Olam

image

Rossiya boshqa davlatlar tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar soni bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi. Bu haqda sanksiyalar cheklovlarini kuzatish bo‘yicha global ma’lumotlar bazasi Castellum.ai ma’lumotlarida keltirilgan.   

22 fevralgacha Rossiya Erondan keyin ikkinchi o‘rinda edi. O‘shanda Tehronga qarshi 3616 ta, Moskvaga qarshi 2754 ta sanksiya qo‘yilgan bo‘lsa, Suriya 2608 ta sanksiya bilan uchinchi o‘rinda borayotgandi. Ammo fevral oyidan beri Moskvaga qarshi 2778 ta yangi sanksiya joriy etildi va bu cheklovlar umumiy soni 5532 taga yetdi. Ayni vaqtda Rossiya Erondan ancha oldinda bormoqda.

Hammasi bo‘lib 22 fevraldan beri Rossiya tashkilot va kompaniyalariga nisbatan 343 ta, jismoniy shaxslarga nisbatan 2427 ta sanksiya qo‘llanilgan. Rossiyaga qarshi barcha cheklovlarning asosiy qismi ikki hafta ichida Shveysariya – 568 ta, Yevropa Ittifoqi (518 ta) va Fransiya (512 ta) tomonidan kiritilgan. Bu vaqt ichida Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi 243 ta, Buyuk Britaniya 35 ta sanksiya kiritdi.

Ayni vaqtda Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Rossiyaga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar 1194 tani tashkil etmoqda. Moskvaga qarshi cheklovlar hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Kanada (908) va Shveysariya (824) bormoqda. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 mart kuni Yaponiya hukumati Rossiyaga nisbatan navbatdagi sanksiyalar paketini ma’qulladi. 

7 mart kuni esa Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi Rossiyaga, uning kompaniyalari va fuqarolariga nisbatan nodo‘stona harakatlarni amalga oshiruvchi xorijiy davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqlagan edi

Ro‘yxatga AQSH va Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya (jumladan, Jersi, Angilya, Britaniya Virjiniya orollari, Gibraltar), Ukraina, Chernogoriya, Shveysariya, Albaniya, Andorra, Islandiya, Lixtenshteyn, Monako, Norvegiya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, shuningdek, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Mikroneziya, Yangi Zelandiya, Singapur va Tayvan kiritilgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing