Ukrainaning “quyon bo‘lgan” sobiq Prezidenti Zelenskiyga murojaat qildi
Olam
−
08 mart 2022
50951Ukrainaning sobiq Prezidenti Viktor Yanukovich Ukrainaning amaldagi rahbari Vladimir Zelenskiyga murojaat qilib, “qanday bo‘lsa ham qon to‘kilishini to‘xtatishga va tinchlik kelishuviga erishishga majbur” ekanini aytdi. Yanukovichning murojaati RIA Novosti agentligi tomonidan chop etilgan.
Ukrainaning sobiq Prezidenti 2014 yilda mamlakatni tark etib, to‘g‘ri ish qildimi yoki yo‘qmi, deb doimo o‘ylab yurganini aytgan. Yanukovichga ko‘ra, u qon to‘kilmasligi uchun shunday qilgan, biroq uning “qurbonligi Maydan hokimiyatini to‘xtata olmagan”.
“Men Vladimir Zelenskiyga prezidentlik va hatto biroz otalik bilan murojaat qilmoqchiman. Vladimir Aleksandrovich, siz haqiqiy qahramon bo‘lishni orzu qilgandirsiz! Ammo qahramonlikni ko‘rsatib bo‘lmaydi, bu oxirgi ukrainalik qolguncha kurashish emas.
Bu fidoyilikda, odamlar hayotini saqlab qolish uchun o‘z g‘ururi va ambitsiyalari ustidan g‘alaba qozonishda. Men juda yaxshi tushunaman, sizning “maslahatchilaringiz” ko‘p, lekin shaxsan siz har qanday holatda ham qon to‘kilishini to‘xtatishga, tinchlik kelishuviga erishishga majbursiz.
Sizdan Ukraina, Donbass va Rossiyada shuni kutishmoqda. Ukraina xalqi va G‘arbdagi hamkorlaringiz sizdan minnatdor bo‘ladi. “Tinchlik o‘rnatuvchilar baxtlidir, chunki ular Xudoning o‘g‘illari deb ataladi” (Injil 5-bob, 9-oyat)”, degan Yanukovich.
Viktor Yanukovich 2014 yilda, mamlakatda tartibsizliklar boshlanganidan keyin Ukrainani tark etgan. O‘shandan beri u Rossiyada yashaydi. Kiyevda Yanukovich Moskvadan Ukrainaga qo‘shin kiritishni so‘raganlikda ayblangan, bu esa o‘z navbatida Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shilishiga olib kelgan.
2019 yilda Kiyev sudi Yanukovichni davlatga xiyonat qilish va urushga yordam berishda aybdor deb topib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Yanukovichni Ukrainaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan va uning ta’qibini siyosiy deb baholagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi