Yulduz Usmonova Oliy sudda ham shoirga yutqazdi

Jamiyat

image

Bugun, 10 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova va shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev bilan bog‘liq mualliflik huquqiga doir ish Oliy sudda ko‘rib chiqildi. Ish shoir Ro‘ziyev foydasiga hal etilib, Yulduz Usmonovaning shikoyati qanoatlantirilmadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.

Ma’lumki, 2021 yilning 20 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyev javobgar – O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga nisbatan “Xasta bo‘lma” qo‘shig‘ining she’r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgandi.

O‘tgan yilning 29 oktyabr kuni qabul qilingan hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qisman qanoatlantirilib, Yulduz Usmonovadan da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyevga 50 000 000 so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobar miqdorida yetkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan.

Joriy yilning 18 yanvar kuni ayni da’vo bo‘yicha Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugadi. Sudning ajrimiga ko‘ra, da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyevning javobgar Yulduz Usmonovaga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2021 yil 29 oktyabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2439

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing