Bunaqasi hali bo‘lmagan – Peskov Rossiya iqtisodi tang ahvoldaligini tan oldi

Olam

image

Rossiyaga qarshi hech qachon bunday keng ko‘lamli iqtisodiy urush bo‘lmagan, mamlakatda narxlarning oshishi  bo‘yicha prognoz qilishning hojati yo‘q, salbiy oqibatlar va keyingi xavflarni kamaytirish uchun choralar ko‘rish kerak. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga aytib o‘tdi

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, kecha, 9 mart kuni Rossiya davlat statistika xizmati 26 fevraldan 4 martgacha bo‘lgan hafta davomida Rossiyada narxlar 2,22 foizga oshgani haqida xabar bergan. Mahalliy avtomobillarning narxida keskin o‘sish kuzatilib, 17,09 foizga qimmatlashgan, xorijiy avtomobillar narxi ham 15,2 foizga oshgan. 

Shuningdek, xuddi shunday o‘sish maishiy texnikada ham qayd etilgan: changyutgichlar 14,56 foizga, televizorlar 14,97 foizga qimmatlashgan. Ayrim sabzavot va mevalar, dori-darmon narxlari inflyatsiya darajasidan ham tez o‘smoqda. 

Qayd etilishicha, Peskov jurnalistlarning 2,22 foiz inflyatsiya qiymati chegara emasligi va o‘sishi mumkinligi haqidagi savolini javobsiz qoldirgan. 

“Men buni javobsiz qoldiraman, chunki hozir nimanidir bashorat qilish mutlaqo noto‘g‘ri ish va bu qahvaxonada o‘tirib taxmin qilishga o‘xshaydi, chunki vaziyat mutlaqo misli ko‘rilmagan. Ya’ni, mamlakatimizga qarshi bunday iqtisodiy urush hali bo‘lmagan. Shuning uchun biror narsani oldindan aytish juda qiyin. Endi biz salbiy oqibatlar va keyingi xavflarni minimallashtirish uchun oldindan bashorat qilmay, balki harakat qilishimiz kerak”, deydi Prezident matbuot kotibi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

65

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing