“Rossiyani terroristik davlat deb tan oling”. Zelenskiy qarsaklar ostida Britaniya parlamentiga murojaat qildi
Olam
−
09 mart 2022
8737Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 8 mart kuni videoaloqa orqali Buyuk Britaniya parlamentida nutq qildi. Xususan, u Jamoalar palatasi a’zolari va Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson hukumatidan Rossiya bilan urushda Ukrainaga yordam berishni so‘radi.
Butun parlament va mehmonlar Ukraina Prezidentini tik oyoqda, qariyb bir daqiqa davomida qarsak chalib qarshiladi. Vaholanki, Jamoalar palatasida deputatlarga qarsak chalish taqiqlangan.
“Ukraina bunga intilmadi. Buyuklikni qidirmadi. Ammo urushning shu kunlarida u buyuk bo‘ldi. Bosqinchilarning dahshatiga qaramay, odamlarni qutqaruvchi Ukraina. Dunyodagi eng buyuk armiyalardan birining zarbalariga qaramay, u ozodlikni himoya qilyapti. Ochiq osmonga qaramay, o‘zini himoya qilyapti. U hali ham Rossiya raketalari, samolyotlari, vertolyotlari uchun ochiq. Biz mustaqilligimiz va Ukrainamizni yo‘qotmoqchi emasmiz. Huddi natsistlar mamlakatingizni egallab olishga uringanda, siz vataningizni yo‘qotishni xohlamaganingizdek”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiya bosqinida halok bo‘lgan bolalar haqida gapirgan.
“Rossiya bosqinining 13 kunida 50 nafar bola halok bo‘ldi. 50 buyuk shahidlar. Bu dahshatli! Bu bo‘shliq. Biz taslim bo‘lmaymiz va yutqazmaymiz. Oxirigacha kurashamiz – havoda ham, yerda ham o‘z zaminimiz uchun kurashamiz. Biz o‘rmon va dalalarda, qirg‘oq va ko‘chalarda jang qilamiz” degan Ukraina Prezidenti.
U nutqi davomida Boris Jonsonga minnatdorlik bildirgan.
“Boris, do‘stim, sendan alohida minnatdorman! Terrorchi davlatga qarshi sanksiyalarni kuchaytiring. Nihoyat uni terroristik davlat deb tan oling. Ukraina osmonimizni xavfsiz qilish yo‘lini toping. Qo‘lingizdan kelganini qiling. Buyuk Ukrainaga shon-sharaflar! Buyuk Britaniyaga shon-sharaflar!” degan Zelenskiy.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi