Shoygu Pentagonning qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti – OAV

Olam

image

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin so‘nggi 7-10 kundan beri Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan bog‘lana olmayapti. Bu haqda Pentagon ma’lum qildi deb xabar bermoqda “The Washington Post” nashri.

Qayd etilishicha, AQSH Bosh shtabi boshlig‘i Mark Milli ham Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan bog‘lanishga uringan, ammo natija bo‘lmagan. Rossiya harbiy rahbariyati muloqotga chiqmagan.

Shu o‘rinda aloqalar borligi, lekin past darajada - Moskvadagi AQSH elchixonasining harbiy attashesi orqali ekani aytilmoqda. O‘z navbatida, havo hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilish uchun maxsus yaratilgan ishonch telefoni hozircha o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanilmagan.

Shoygu va Gerasimovning amerikalik hamkasblari bilan muloqot qilishni istamasligi, Ukrainadagi “maxsus operatsiya” muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun ular vaqtincha chetlatilganidan va boshqa hech narsani hal qilmasligidan dalolat berishi mumkin. Boshqa tomondan, bu fakt Rossiyaning “stavka”ni oshirish istagini anglatishi mumkin: eng yuqori darajadagi aloqaning yo‘qligi Rossiya Federatsiyasi va AQSH o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu to‘satdan jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ydi. U oxirgi marta joriy yilning 11 mart kuni omma oldiga chiqqan, jurnalistlar esa uni 13 kundan beri ko‘rmagan.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak esa Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘yganiga e’tibor qaratib, bir qancha muhim siyosiy arboblar axborot maydonidan g‘oyib bo‘lganini aytib o‘tgandi.

Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Shoyguning ommaga ko‘rinish bermay qo‘yganini, uning boshqa tashvishlari ko‘pligi bilan izohladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

57

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing