SHHT aksilterror tuzilmasi Qozog‘istonga yordamga tayyorligini ma’lum qildi 

Olam

image

Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Qozog‘istonning vakolatli organlariga so‘rov bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda MATT ijroiya qo‘mitasi bayonotida aytilgan.  

“Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi Qozog‘iston Respublikasidagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildiradi. Shu bilan birga, u Qozog‘iston Respublikasi vakolatli organining tegishli so‘roviga ko‘ra, SHHT MATT tomonidan belgilangan tartibda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qiladi”, deyiladi bayonotda. 

MATT Ijroiya qo‘mitasining bosh qarorgohi O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida joylashgan. 

“Ishonchimiz komilki, davlat, huquq-tartibot va maxsus organlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qisqa vaqt ichida terrorchilik va bandit guruhlari hamda yacheykalarining noqonuniy harakatlarini zararsizlantirish imkonini beradi”, deyiladi xabarda. 

Tashkilot halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda o‘z harbiy va xizmat burchini ado etgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing