Rossiya NATO davlatlariga hujum qiladimi? Peskov javob berdi

Olam

image

Rossiya NATOga a’zo davlatlar hududiga bostirib kirish yoki hujum qilish niyatida emas. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. 

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti munosabati bilan NATOga a’zo davlatlar hududiga bosqin yoki zarba berilishi mumkinmi, degan savol Peskov quyidagicha javob qaytardi:

“Agar bu o‘zaro kelishuv asosida qilingan harakat bo‘lmasa... Agar ular bizni bunga majburlamasa, biz bu haqda o‘ylay olmaymiz. Va biz bu haqda o‘ylashni xohlamaymiz”. 

Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATOning favqulodda sammiti yakunida alyansga a’zolar Ukrainaga qo‘shin yubormaslikka kelishib oldilar. Ammo NATO Ukrainani kimyoviy, biologik va yadroviy qurollardan, shuningdek, kibermudofaadan himoya qilish uchun uskunalar beradi. Shuningdek, alyans Rossiya Qurolli Kuchlarining Ukrainadagi maxsus operatsiyasiga javoban Yevropada qo‘shimcha to‘rtta ko‘pmillatli jangovar guruhlar tuzadi. Bular nazarda tutilgan hujjatda alyans qadamlari “profilaktik, mutanosib bo‘lib qolishi va inqirozni kuchaytirishga qaratilmagani” ta’kidlanadi. Unga ko‘ra, NATO sharqiy qanotga 40 000 askarni va javob kuchlari elementlarini joylashtirgan

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing