Rossiya G‘arb rad etgan neftni Osiyoga yetkazib berishni ko‘zlamoqda

Olam

image

Rossiya zarurat tug‘ilganda energiya ta’minotini g‘arbdan sharqqa yo‘naltirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Davlat Dumasidagi hukumat soatida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. 

"Bizning ta’minotlarimiz dunyo bo‘ylab diversifikatsiyalangan. Albatta, asosiy ulush Yevropa va Osiyoga to‘g‘ri keladi, ammo ta’minot Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi mamlakatlariga ham boradi", deydi Novak.  

Shu bilan birga, u “albatta, biz osiyolik hamkorlarimiz bilan agar shunday zarurat tug‘ilsa, Osiyo bozorlariga qo‘shimcha yetkazib berish imkoniyati haqida gaplashyapmiz”, deb qo‘shimcha qilib, Osiyo-Tinch okeani bozorlarida Rossiya xomashyosi uchun yetarli joy bo‘lishiga umid bildirdi. 

“Aslida, shuni ta’kidlashni istardimki, oqimlarni qayta yo‘naltirish juda katta muammo, bozorlar katta bo‘lishiga qaramay, ular allaqachon muvozanatlashgan. Va agar resurslarni bir yo‘nalishdan boshqasiga yo‘naltirish bo‘lsa, bu ta’minot zanjirlari va hisob-kitob tizimlarini o‘zgartirishga olib keladi. Bu bir kunda amalga oshirilmaydi”, deydi u deputatlarga yuzlanib.

Shuningdek, uning fikricha, Rossiyaga nisbatan sanksiya cheklovlari jahon bozorlarida neft narxining o‘zgaruvchanligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. 

“Jahon bozorlarida neftga bo‘lgan talabning tiklanishi hali to‘liq amalga oshirilmaganiga qaramay, men aytib o‘tgan sanksiya cheklovlari jahondagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda va jahon bozorlaridagi narxlarning o‘zgarishi va o‘zgaruvchanligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.  Bu esa o‘z navbatida, albatta, boshqa narsalar qatori, ichki bozorimizdagi vaziyatda ham o‘z aksini topadi”, deydi Novak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 

Shuningdek, 8 mart kuni dunyoning eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri Shell Rossiya neft va gazidan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatayotganini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing