Rim papasi Shvetsiyada Qur’on yoqilganini qoraladi
Olam
−
03 iyul 2023
15142Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on kitobining yoqib yuborilganini qoraladi. Bu haqda “Bernama.com” xabar berdi
Qayd etilishicha, papa Fransisk Qur’onning yoqilishi uni g‘azablantirganini, bunday holat so‘z erkinligining ifodasi sifatida talqin qilinmasligi kerakligini ta’kidlagan.
“Muqaddas deb hisoblanadigan har qanday kitob unga ishonadiganlarning hurmati uchun qadrlanishi kerak. Men bu harakatlardan g‘azablandim va jirkandim. So‘z erkinligidan hech qachon boshqalarni mensimaslik, ularni rad etish va qoralash uchun vosita sifatida foydalanilmasligi kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan.
Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi.
Kecha, 2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi.
LiveBarchasi