Rim papasi Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi shahar uchun sulh so‘radi

Olam

−

image

Rim papasi Lev XIV Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi Oleshki shahriga gumanitar yordam yetkazish va tinch aholini xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sulh e’lon qilishga chaqirdi. Bu haqda Vatikan matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Papa Lev XIV va Vladimir Putin telefon orqali suhbatlashgan. Suhbat davomida Rim papasi oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazib berish, shuningdek, shaharni tark etishni istagan tinch aholini xavfsiz evakuatsiya qilish imkonini yaratish uchun sulh tuzishga chaqirgan.

Shuningdek, u Muqaddas taxtning muloqot va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.

Vatikan davlat kotibi, kardinal Petro Parolinning aytishicha, tashabbusni Papa qamal ostidagi shahar aholisi manfaatlarini himoya qilish maqsadida ko‘targan. Uning aytishicha, shaharda qariyb 2 ming nafar tinch aholi gumanitar yo‘laklar orqali xavfsiz joyga chiqib ketish imkoniyatiga muhtoj.

Parolin, shuningdek, Putin Rim papasining iltimosiga ijobiy javob berishidan umid bildirdi. Uning fikricha, Rossiya Prezidentining suhbatga rozi bo‘lgani bu masalada ijobiy natijaga erishish imkonini berishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Papa Lev XIV va Vladimir Putin bundan avval 2025 yil 4 iyun kuni ham telefon orqali muloqot qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing