Rim papasi saratonga chalindi

Olam

−

image

Rim papasi Leo XIV da o‘pka saratoni aniqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 71 yoshli pontifikda o‘pka adenokarsinomasi – o‘pka saratonining keng tarqalgan turlaridan biri aniqlangan. Kecha, 13 oktyabr kuni shifokorlar uning o‘ng o‘pkasining pastki qismini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlagan. Operatsiya asoratlarsiz yakunlangan. Operatsiya vaqtida olingan to‘qimalar tahlili shifokorlarning dastlabki tekshiruvlar asosida bildirgan taxminlarini tasdiqlagan.

Papa Leo yaqinda tibbiy ko‘rikdan o‘tganida uning o‘pkasida o‘sma aniqlangan. Shu sababli u 13 oktyabr kuni Rimdagi Gemelli shifoxonasiga yotqizilgan. Jarrohlik amaliyoti taxminan 90 daqiqa davom etgan.

Shifokorlar Stefano Margaritora va Luidji Karbonening ma’lum qilishicha, saraton bilan zararlangan to‘qimalarni to‘liq olib tashlash maqsadida o‘ng o‘pkaning pastki bo‘lagi olib tashlangan. Operatsiyadan keyin Papa Leo o‘ziga kelgan va shifoxonadagi xonasiga qaytib, dam olishni boshlagan.

Biroq hozircha kasallikning qaysi bosqichdaligi ma’lum emas. Buni aniqlash uchun o‘smaning hajmi va saraton limfa tugunlariga tarqalgan-tarqalmaganini tekshirish kerak. Vatikan hozircha bu haqda ma’lumot bermagan.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti o‘pka saratoni bo‘yicha mutaxassisi Stiven Luning aytishicha, agar o‘sma kichik bo‘lsa va saraton limfa tugunlariga tarqalmagan bo‘lsa, jarrohlik amaliyotining o‘zi bemorni to‘liq davolashi mumkin. Biroq kasallik kengroq tarqalgan bo‘lsa, davolanish prognozining yomonroq bo‘lishi mumkin.

Vatikan ma’lumotiga ko‘ra, Papa Leo shifoxonada taxminan bir hafta qolishi kutilmoqda. Uning joriy yilning 20 oktyabrigacha rejalashtirilgan barcha ommaviy tadbirlari bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, Papa Leo 2025 yil may oyida katolik cherkovi kardinallari tomonidan papa etib saylangan. Uning asl ismi Robert Prevost bo‘lib, u 1955 yilda AQSHning Chikago shahrida tug‘ilgan. U bir necha o‘n yil davomida Peruda missioner va yepiskop bo‘lib xizmat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim papasi Leo XIV o‘pkasida aniqlangan tugunni olib tashlash uchun operatsiya qilinishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing