Rim papasining o‘pkasida tugun borligi aniqlandi

Olam

−

image

Rim papasi Leo XIV o‘pkasida aniqlangan tugunni olib tashlash uchun operatsiya qilinadi. 71 yoshli papaning jarrohlik amaliyotidan keyin shifoxonada bir hafta qolishi kutilmoqda. Bu haqda u kecha, 11 oktyabr kuni Vatikan hududidagi Avliyo Pyotr maydonida yakshanba ibodati uchun yig‘ilganlarga ma’lum qildi.

“U juda erta bosqichda aniqlangan va aniq chegaralarga ega. Shifokorlar operatsiya o‘tkazishni ma’qul ko‘rdi. Shu sababli, ularning tavsiyasiga amal qilib, tugunni olib tashlash uchun operatsiya qilinishga qaror qildim”, degan u.

Ma’lumot uchun, o‘pka tuguni – o‘pka to‘qimasida hosil bo‘ladigan kichik, zich to‘qima bo‘lagi. Bunday tugunlarning aksariyati saraton bilan bog‘liq emas. Biroq yosh kabi ayrim omillar xavfni oshirishi mumkin. Hozircha Rim papasining o‘pkasida aniqlangan tugun yaxshi yoki yomon sifatli ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Vatikan ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya kelasi haftaning boshida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu davrda Vatikan odatdagidek faoliyat yuritishda davom etadi, biroq Rim papasining imzosini talab qiladigan qarorlar vaqtincha to‘xtatib turiladi.

Leo XIV, umuman olganda, sog‘lom ekani bilan tanilgan. U tennis o‘ynaydi va jismoniy faolligini saqlab keladi. Undan avvalgi Rim papasi Fransisk esa hayotining so‘nggi oylarida sog‘lig‘ida bir qator muammolariga duch kelgan va uzoq vaqt shifoxonada davolangan.

Shuningdek, Rim papasining 6–17 noyabr kunlari Lotin Amerikasiga tashrifi rejalashtirilgan. Safar davomida u Urugvay, Argentina va Peruga borishi kerak. Operatsiya va tiklanish jarayoni ushbu safar dasturiga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni ham Rim papasini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, yaqin kunlarda duch keladigan sinovida unga dalda bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim papasi Leo XIV Fransiyaga tashrifi chog‘ida sun’iy intellekt va boshqa yangi texnologiyalar insoniyat tabiatiga oid asosiy savollarni keltirib chiqarib, inson hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing