Rasmiy Moskva Britaniya vazirining Rossiyaga hujum haqidagi bayonotiga javob qaytardi
Olam
−
27 aprel 2022
30452Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi ob’ektlarga hujum qilgan taqdirda Kiyevga zarba berish bilan tahdid qilmoqda.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippining “Ukraina Rossiyaning logistika markazlari va yoqilg‘i ta’minotiga zarba berishga to‘la haqli”, degan bayonotiga Rossiya Mudofaa vazirligi shunday munosabat bildirdi, deb xabar berdi RIA Novosti.
“London tomonidan Kiyev rejimini bunday harakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri provokatsiya qilish, agar ularni amalga oshirishga urinish bo‘lsa, darhol bizning mutanosib javobimizga olib keladi. Biz ogohlantirganimizdek, RF Qurolli Kuchlari Kiyevdagi tegishli qaror qabul qilish markazlariga uzoq masofali aniqlikdagi qurollar bilan zarbalar berib, javob qaytarish uchun kechayu kunduz tayyor”, degan RF Mudofaa vazirligi vakili.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, “Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlarida G‘arb davlatlaridan birining fuqarosi bo‘lgan maslahatchilar Rossiyaning javob choralari bo‘yicha qaror qabul qilishida “muammo bo‘lmaydi”.
O‘z navbatida, Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Rossiya “harbiy ta’minot logistikasini buzish uchun” NATO davlatlariga hujum qilishi mumkinmi, deya savol qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, Britaniya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarga hujum qilishi qonuniy harakat ekanini aytgandi.
“Dushman logistikasini buzish va dushman omborlarini yo‘q qilish urushning bir qismidir”, degan Xippi.
Ma’lumot o‘rnida, rasmiy Moskva bundan oldin ham Ukraina Rossiya hududida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirsa, Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlariga raketa hujumi uyushtirishini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi