Rasman! To‘qayev kuyovlar ortidan Nazarboyevning jiyanini ham “uchirdi”
Olam
−
17 yanvar 2022
16529Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abish bugun, 17 yanvar kuni egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezident saytida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev MXQ raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida rasmiy axborot e’lon qilindi.
Qozog‘istonda namoyishlar avjiga chiqqanida “Orda.Kz” nashri Samat Abish yo‘q bo‘lib qolgani, u lavozimidan ozod qilinib, hibslangani haqida xabar tarqatgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, MXQ Samat Abish hibslangani haqidagi bayonotlarni rad etib, u faoliyatini davom ettirayotganini bildirgandi.
14 yanvarga kelib, MXQ yana bir bayonot bilan chiqib, Samat Abish faoliyatini davom ettirayotgani, ayni vaqtda mehnat ta’tilida ekanini ma’lum qildi.
“Kelayotgangan so‘rovlar munosabati bilan Samat Abish Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritishini ma’lum qilamiz. Hozirda u yillik ta’tilda”, deyilgandi MXQ rasmiy saytida berilgan axborotda.
43 yoshli general-leytenant Samat Satibaldiuli Abish Qozog‘iston Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasining o‘g‘lidir. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi akademiyasini va Rossiya Tashqi razvedka xizmati akademiyasini tamomlagan.
2010 yil yanvaridan 2015 yil dekabrigacha Abish kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosarigacha ko‘tarilgan.
Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Nazarboyev ayni vaqtda BAAda qolmoqda. Elboshining ko‘rinmay qolishi ortidan Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy Nazarboyev allaqachon vafot etgan va uni ko‘mib yuborishgan degan taxminni ilgari surgandi.
Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlangandi.
Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. Bugun, 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.
LiveBarchasi