QALAMPIR.UZ surishtiruvi: Olmazor city'da olingan behayo video qanday tarqalib ketgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 avgust 2021
71238Avval xabar berganimizdek, bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt Toshkentdagi Olmazor city turar joy majmuasidagi uylarning biri balkonida shaxsi noma’lum ayol va erkak jinsiy aloqa bilan shug‘ullanayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur video QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning suratlari bilan qayta montaj qilinib, ushbu video qahramoni go‘yo Feruza Najmiddinova ekani aytilib, video “balkondagi mashhur qiz QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekan”, degan yozuv bilan tarqatildi. Oradan ko‘p o‘tmay, QALAMPIR.UZ tahririyati ushbu video montaj qilingan, bu Feruza Najmiddinovaga qaratilgan tuhmat ekanini aytib chiqdi.
Bugun, 8 avgust kuni QALAMPIR.UZ tahririyatiga Olmazor city majmuasidagi 16-uyda istiqomat qiluvchi Mansurbek Polvonov kirib keldi va birinchi behayo video o‘zi tomonidan tushirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, u ushbu videoni Olmazor city qo‘riqchilari va ma’muriyatiga jo‘natgan, so‘ng o‘chirib yuborgan.
“Men shu Olmazor city turar joy majmuasida istiqomat qilaman. 6 avgust kuni ertalab ishga chiqib ketayotgan paytimda to‘g‘rimizdagi uyning 18-qavatidagi xonadon balkonida erkak hamda ayolning nomaqbul ishlar qilayotganiga ko‘zim tushdi. Keyin yuqori qavatlardagi qo‘shnilarimiz bu holat yuzasidan “oxrana” (qo‘riqchi)ga murojaat qilishlarini so‘radik. Sababi har birimizning bola-chaqamiz bor, bu ularga ta’sir qilishining oldini olish maqsadida shu ishni qildik.
Keyin Olmazor city'ning xavfsizlik bo‘yicha qo‘riqchisi Viktorga xabar berdik. Viktor bu yerga qo‘riqchilarni yuborganida ular eshikni ochishmagan va shu sabab 102 ga telefon qilishga majbur bo‘lishgan. Biz qo‘riqchilarni chaqirgan paytimizda ular bizdan shu voqeani bir nechta kadrga va videoga olib, dalil sifatida saqlab qo‘yishimizni so‘rashdi. Shu asosida men shaxsiy telefonimda bu holatni videoga olganman, bir qo‘shnim ham buni videoga olgani haqida aytgandi. 102 kelganidan so‘ng ularning shaxsini aniqlashtirish maqsadida ikkalasi militsiya mahkamasiga olib ketilgan”, deydi Mansurbek Polvonov.
Olmazor city hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatda ma’lum bo‘lishi, o‘sha kuni ro‘y bergan voqeani Mansurbek Polvonovdan tashqari boshqa qo‘shnilar ham suratga olgan.
“Videoni olishimizdan asosiy maqsad bu fakt bo‘lishi uchun edi. Qo‘riqchilar hamda IIB xodimlariga dalil sifatida shu videoni ko‘rsatmoqchi edik. Videolavhani Viktorga va turar joyga mas’ul bo‘lgan “domkom”larning Telegram’iga tashlab bergan edik. 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘chirib tashlagandik. 3-4 kundan keyin shu videoning Tik-tok hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgani borasida ma’lumotga ega bo‘ldim. Bundan tashqari, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruzaning ham bu videoga aloqasi borligi haqida bo‘htonlar uyushtirilgani haqida ham eshitdim. Haqiqatan ham, ular Feruzaga tuhmat qilish maqsadida videoga rasmlarni qo‘shib montaj qilib, tarqatib yuborishgan. Aniqlanishicha, bu ish biz emas, umuman boshqa, unga qasd qilgan kimsa tomonidan amalga oshirilib, tarqatilgan. Hozirda IIB xodimlari bu ish yuzasidan tegishtiruv ishlari olib bormoqda, videoni tarqatgan shaxslar esa hali ma’lum bo‘lgani yo‘q”.
QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptashga bo‘lgan urinish bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. 9 avgust 23:00 holatiga ko‘ra gumondorlar aniqlanganicha yo‘q. QALAMPIR.UZ tergov qadar surishtiruv davrida mazkur holatni o‘rganishda va haqiqatning tagiga yetishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
LiveBarchasi