QALAMPIR.UZ Qorabog‘da arman istilosi davrida molxonaga aylantirilgan masjidga bordi. Eksklyuziv fotoreportaj
Olam
−
03 iyun 2021
14280Avvalroq, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova va fotograf Kamoliddin Zaidov (@canoniy) Ozarbayjonda Qorabog‘ urushi oqibatlari bilan tanishayotgani haqida xabar bergan edik. Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumining Bakuda joylashgan Yevrosiyo mintaqaviy markazi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Show me Azerbaijan” loyihasida ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ jamoasi 30 yillik Armaniston ishg‘olidan ozod qilingan Qorabog‘ yerlariga bordi. Ular Ag‘dam shahridagi XIX asrga oid tarixiy masjidda bo‘ldilar.
“Ko‘rganlarimdan hayratdaman. Infratuzilmasi ishdan chiqqan, cho‘lga aylangan hududda keldik. Uzoqdan devorlari nuragan bino ko‘rindi. Minoralaridan o‘sha tarixiy masjidligi bilinib turardi. Ammo, ahvoli xarob edi. Men bugungacha bunday ahvoldagi masjidni ko‘rmaganman”, deydi QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova.
Ag‘dam shahridagi Juma masjidi 1868-1870 yillarda me’mor Kerbalay Sefi-xon Qorabog‘i tomonidan qurilgan. Unda Qorabog‘ mintaqasidagi masjidlarga xos ravishda ikki qavatdan iborat derazalar mavjud. Shifti esa bir necha gumbazlar bilan qoplangan.
1992 yilda Xo‘jali armanlar tomonidan bosib olinganidan keyin, 200 kishining jasadi ushbu masjidga joylashtirilgan. Yana boshqa manbalarga ko‘ra, masjidga 477 jasad olib kelingan.
Qorabog‘ urushi paytida Ag‘dam shahri butkul vayron qilindi. Shahardagi binolar orasida masjid Ag‘damda saqlanib qolgan yagona binodir. Ammo uning ahvoli ham xarob. Masjidda yillar davomida cho‘chqa va mollar boqilgan. Buni 2007 yilda ushbu masjidda bo‘lgan rossiyalik jurnalist Andrey Galafeyevning so‘zlari ham isbotlaydi.
“Masjidga borishdan oldin, biz yana harbiy xizmatchilarga hujjatlarni ko‘rsatishimiz kerak edi. Ular juda xushmuomala va hatto bizga qo‘riqlab eltib qo‘yishni taklif qilishgan. Formadagi zobitlarni o‘zimiz yetib olishga ishontirganimizdan keyin, masjidni ko‘zdan kechirdik. Yaxshiyamki, harbiylar bizga suratga olishga ruxsat berdi. Lekin bu ruxsat faqat masjidga taalluqli edi. Shu bois men biror harbiy texnika, kazarma yoki boshqa narsalarni suratga olmadim. Bizga masjidning o‘zi yoqdi. Ikkita chiroyli minora, ulardan bittasi tik, aylanma zinapoyaga ko‘tarilib, qo‘shni, ikkinchi minorani suratga oldik. Masjid poli kunduzi Ag‘dam xarobalari atrofida aylanib yuradigan mol go‘ngi bilan to‘liq ifloslangan”, degan edi Andrey Galafeyev.
QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ham rossiyalik hamkasbining so‘zlarini davom ettirib, shunday deydi:
“Ming afsuski, masjiddan mol hidi anqib turardi. Albatta, Ozarbayjon Ag‘damni qo‘lga kiritgandan keyin masjid tozalangan. Lekin bino poli yo‘q bo‘lib ketgan. Oyoq ostimizda tuproq edi. Bu yerga poyabzallarimizni yechib kirdik”.
Xalqaro ekspertlar fikricha, masjid atayin molxonaga aylantirilgan va bu Ozarbayjonning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, Armaniston hukumati masjidning nurashi, eskirishi, devorlardagi oyatlarning o‘chib, tanib bo‘lmas holatga kelib qolishini ta’minlagan.
Ayni vaqtda masjid minoralari ham o‘pirilib tushganiga guvoh bo‘lish mumkin. Devorlardagi bo‘yoqlar va keramik qoplamalardan esa asar ham qolmagan.
“Ozarbayjon tomoni O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq ommaviy axborot vositalaridan faqat QALAMPIR.UZ’ga Qorabog‘ga kelib, urush talafotlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, Ag‘damdagi masjidda bo‘lish imkonini yaratib berganidan minnatdormiz. Bu milliy mass-mediamiz uchun ham tarixiy voqea. Biz Ag‘damda faqat xavfsizlik kuchlari ko‘magi bilan ular belgilab bergan joylardagina harakatlandik. Bizga ma’lum qilinishicha, Armaniston tomoni ushbu hududlarni egallab olgan davrlarda yer ostiga minalar o‘rnatgan va masjid atrofi ham aynan minalangan hududlar sirasiga kiradi. Urush tugab, o‘rtada qo‘shma bayonot imzolanishiga, sulh kuchga kirishiga qaramay, Armaniston tarafi Ozarbayjonga minalangan hududlar xaritalarini bermay kelmoqda va buning oqibatida bir necha kishi qurbon bo‘lgan. Shu bois Ozarbayjon xavfsizlik kuchlari jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlashga eng yuqori darajada safarbar qilingan”, Ag‘damda bo‘lib turgan jurnalist deydi Feruza Najmiddinova.
Tog‘li Qorabog‘ mojarosi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini айтди. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
Masjid devorlarini o‘pgan Prezident
2020 yilning 20 noyabr kuni Ozarbayjon harbiylari Ag‘dam shahrini egalladi va Prezident Ilhom Aliyev televideniyedagi jonli efir orqali Ag‘dam shahri hududi to‘liq Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tganini ma’lum qildi. Aliyevga ko‘ra, Armaniston Ag‘damni o‘z xohishi bilan qaytarmaganda, shaharda maxsus qurolli operatsiya o‘tkazilar edi.
“Urushning barcha sirlarini oshkor qilishga hali erta. Vaqt keladi, ko‘p narsa oydinlashadi. Ammo bugun men aytishim mumkinki, Ag‘damdagi operatsiya rejalashtirilgan edi. Biz baribir Ag‘damni ozod qilar edik. Ammo katta yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin edi”, degan edi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon Qurolli kuchlari Ag‘damni egallagan kun masjid mintaqani Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tkazish rejasini muhokama qilgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari va Ozarbayjon harbiylari uchun oldindan kelishilgan uchrashuv joyiga aylandi.
Keyinchalik, Ozarbayjon harbiylari masjidga kiraverishga gilam to‘shadi, imom masjid minorasidan 27 yil deganda birinchi marta azon chaqirdi, shundan so‘ng harbiylar va tinch aholi navbat bilan masjidda namoz o‘qishdi.
23 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev birinchi xonim – vitse-prezident Mehribon Aliyeva va qizi Leyla Aliyeva bilan Ag‘dam shahriga tashrif buyurdi. Eng avvalo, Prezident Ilhom Aliyev Ag‘dam shahrining masjidga yaqin hududiga o‘rnatilgan Ozarbayjon bayrog‘i qarshisida tiz cho‘kib, uni o‘pib, yuz ko‘ziga surtdi. So‘ng vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan tarixiy masjidga yo‘l oldi.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan Armaniston hukmronligi davrida molxonaga aylantirilgani yozilgan va bugun vayronaga aylangan masjidga Prezident Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyeva poyabzallarini yechib, oyoqyalang kirdilar. Ushbu holat aks etgan suratlar Prezident Matbuot xizmatining internet sahifasiga joylashtirildi. Davlat rahbari va uning rafiqasi masjidga kirish oldidan uning devorlarini o‘pishgan. Dunyo hamjiyati, ayniqsa, musulmon davlatlar xalqlarining diqqatini tortgan ushbu surat ijtimoiy tarmoqlar kun tartibiga chiqdi.
Prezident va rafiqasi masjidda Qur’on oyatlarini tilovat qilib, ushbu muqaddas qadamjoda Makkadan olib kelingan Qur’oni Karimni qoldirishgan.
Mehribon Aliyeva raisligidagi Haydar Aliyev fondining ko‘rsatmasi bilan Avstriyaning Atelier Erich Pummer GesmbH kompaniyasi rahbari Erix Pumper Ag‘dam masjidiga tashrif buyurib, uning hozirgi holatini o‘rganib chiqdi va restavratsiya qilish imkoniyatlarini baholadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Ozarbayjonda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi Ganja shahri markazida Armanistonning ballistik raketasi vayron qilgan hududni ko‘zdan kechirgan edi.
QALAMPIR.UZ’ning Ozarbayjonga, jumladan Qorabog‘ga safari davom etadi. Saytimizni va Instagram sahifamizni kuzatib boring hamda 30 yillik mojarolar oqibatlariga guvoh bo‘ling. Ta’kidlaymiz, bugungacha ushbu hududlarga QALAMPIR.UZ’dan boshqa hech bir O‘zbekiston ommaviy axborot vositasi xodimi yetib bormagan.
Suratlar muallifi Kamoliddin Zaidov
LiveBarchasi